Deputat turizm qishlogʻidagi xizmat koʻrsatish sifatini oʻrgandi

11:41 01 Noyabr 2022 Jamiyat
473 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi kunda yurtimizga keladigan sayyohlar asosan bir necha asrlik tarixiy obidalar bilan birga xalqimizning boy milliy merosi, anʼana va qadriyatlari bilan tanishish, zaminimizning betakror tabiatidan ham bahramand boʻlishni istaydi.

Shu bois ham keyingi yillarda sayyohlarga milliy urf-odat, anʼanalarimizni namoyish qilish maqsadida respublikamiz boʻylab qator turizm qishloqlari tashkil etildi. Xususan, Samarqand viloyati Samarqand tumanida Konigil, Urgutda Tersak, Nurobodda Oqsoy, Payariqda Choshtepa, Kattaqoʻrgʻonda Andoqsoy mahallalari turizm qishloqlariga aylantirilgan.

Bu yerlarda sayyohlar uchun yaratilgan sharoit va ularga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham alohida eʼtibor qaratishmoqda. 27-30-oktyabr kunlari deputatlar tomonidan oʻz saylov okruglarida uchrashuvlari oʻtkazildi. Xuddi shunday uchrashuvlar davomida Qonunchilik palatasiga 71-Qoratepa saylov ogrugidan saylangan deputat Navroʻz Rizayev Urgut tumanidagi “Tersak” turizm qishlogʻida boʻldi.

Togʻlar bagʻrida joylashgan “Tersak” qishlogʻida bugungi kunda 25 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat koʻrsatmoqda. Turistlar uchun qishloqning tabiiy mahsulotlari, milliy taomlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazish, urf-odatlarni namoyish etish, agro-turizm yoʻnalishida chorvachilik, bogʻdorchilik hamda dehqonchilikning qadimiy uslublari bilan tanishish yoʻlga qoʻyilgan.

Deputat hududda sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, shu mahallada mehmon uyi tashkil etgan Qoʻysin Hasanov xonadonidagi Fransiyalik turistlar bilan suhbatlashdi. Mehmonlar muloqot chogʻida yaratilgan sharoitlar, imkoniyat va qulayliklardan mamnun ekanligini bildirishdi.

— Bugun xorijdan kelayotgan sayyohlarga osmonoʻpar binolar yoki eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan dabdabali mehmonxonalar qiziq emas, aksincha, ularga oʻzbek xalqining milliy urf-odatini ifodalagan mehmon uylari, oddiy qishloq xalqining turmush tarzi qiziq, — deydi Navroʻz Rizayev. — Turizmni rivojlantirishga soʻnggi yillarda koʻrsatilayotgan davlat darajasidagi eʼtibor sabab chekka-chekka hududlarda mana shunday turizm qishloqlari va mehmon uylari tashkil etildi. Bu joylar sayyohlar uchun sevimli maskanga aylanmoqda.

Mazkur qishloqda togʻ turizmi yoʻnalishida 4 nafar gid-ekskursovod faoliyat yuritadi. Sayyohlarni piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qildirish, qishloqning oʻziga xos tabiati bilan tanishtirishda ularning muhim oʻrni bor.

Qishloqda tashkil etilgan oilaviy mehmon uylari bir vaqtning oʻzida 300 ga yaqin mahalliy va xorijiy sayyohlarni joylashtirish imkoniyatiga ega. Tabiati xushmanzara, odamlari xushmuomala “Tersak”da bir marta mehmon boʻlgan kishi, albatta, yana kelishni istaydi.

— Keyingi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor tufayli xonadonimda oʻtirib, xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Yaʼni biz yashayotgan hududda turizm qishlogʻi tashkil etilib, hovlimning bir qismini mehmon uyi uchun ajratdim. Bugun bu yerda 4 kishi ish bilan band, — deydi “Tersak sharsharasi” oilaviy mehmon uyi boshqaruvchisi Qoʻysin Hasanov. — Dastlab faqat Fransiyalik sayyohlarni qabul qilganman. Bugun Ispaniya, Italiya, Daniya, Germaniya va boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlarga ham xizmat koʻrsatyapmiz. Mahallamiz turizm qishlogʻiga aylantirilgach, 8 kilometr ichki yoʻl asfalt qilindi. Yana shuncha masofaga zamonaviy tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Tadbirkorlikni boshlash, mehmon uylari ochishni niyat qilganlar safi kengaydi. Togʻ yon-bagʻirlarida dam olish maskanlarining tashkil etilishi sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda. Shu bois ham mahalliy va xorijiy sayyohlarning qishlogʻimizga qiziqishi yanada oshdi.

Deputat, shuningdek, betakror tabiat manzaralari bilan xorijiy va mahalliy sayyohlarni oʻziga jalb qilib kelayotgan “Teshiktosh” ekoturistik maskanida boʻlib, bu yerdagi sharoit bilan tanishdi. Tadbirkorlar bilan suhbat qilib, ularning fikrini eshitdi.

Urgutning Beshkon mahallasidagi tabiat moʻjizasi - “Teshiktosh” maskanida ona tabiat mahorat bilan yoʻngan turli shakl va oʻlchamlardagi toshlar yerga bagʻrini berib yotibdi. Bugun bu joylar tumanning ekoturizm markazi, oʻziga xos tashrif qogʻozi hisoblanadi. Doimo xorijlik va mahalliy sayyohlar bilan gavjum boʻladigan ushbu maskan bir necha yil oldin tashlandiq holatda edi.

— Bu yerlarga koʻp yillar yetarlicha eʼtibor berilmadi, — deydi tadbirkor Jahongir Burxonov. — Yaqingacha yon-atrofimiz M-39 magistral yoʻlidan oʻtib-qaytuvchi haydovchilar tomonidan tashlab ketiladigan chiqindilar bilan toʻlib-toshardi. Hudud turizm maskani uchun ajratilgach, vaziyat oʻzgardi. Adirlik chiqindilardan tozalandi, sayyohlarning tabiat manzaralaridan bahramand boʻlib, maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoit yaratildi. Ayni paytda maskan yonida 32 kishilik mehmonxona quryapmiz. Suv tortib kelishni ham oxiriga yetkazsak, hudud yana ham obod maskanga aylanadi.

Mamlakatimizda turizm sohasi rivojiga berilayotgan eʼtibor va bu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, avvalo, yurtimizda yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish va aholi daromadlarini oshirishdan iborat. Shu orqali aholi farovonligiga erishiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Rizayev joylarda saylovchilar bilan uchrashib, ular bilan muloqot qildi. Fuqarolarning murojaatlariga joyida yechim topib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер