Dengiz sathidan 1 820 metr balandlikda, qor ustida polo musobaqasi tashkil etiladi

18:43 06 Yanvar 2022 Sport
589 0

Polo – betakror va ajoyib sport turlaridan biri. Ushbu murakkab va qiziqarli jamoaviy oʻyin turi sportchilardan tana va otni mohirlik bilan, mukammal darajada boshqarish hamda yuqori konsentratsiyani talab qiladi.

Poloning kelib chiqishi ulugʻ ajdodlarimizga borib taqalsada, uning sport turi sifatida shakllanish tarixi Buyuk Britaniya bilan bogʻlanadi. Ingliz mustamlakachilari Hindistonni zabt etishgach, ushbu oʻyinni Britaniyaga olib ketishadi. Yevropada zamonaviy ot poygasi muxlislari jamoaviy oʻyinning yangi qoidalarini oʻylab topishadi va uni mukammal sport turi sifatida dunyoga olib chiqadi.

Oʻzbekiston hududlarida polo sport turiga poydevor vazifasini oʻtab bergan chavgon oʻyini bilan qadimdan shugʻullanib kelgan, zero ota-bobolarimiz orasida ot poygasi, uloq-koʻpkari kabi etnosport turlari keng ommalashgan boʻlsada, biroq mamlakatimizda zamonaviy sport turi sifatida ot polosi yaqindan rivojlana boshlagan.

Jumladan, 2018-yildan Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida polo oʻynash uchun qulay boʻlgan polo-poni va qorabayir otlarini koʻpaytirishga bagʻishlangan yangi zamonaviy majmualar ochish boshlandi. 2020-yilga kelib Oʻzbekistonda polo federatsiyasi ochildi.

2021-yil 5-avgustdagi «Oʻzbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Prezident qarori esa yurtimizda poloni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mazkur qarorda belgilab berilgan vazifalarning ijrosi doirasida Oʻzbekiston polo federatsiyasi tomonidan 2022-yil 9-yanvar kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida “Amirsoy Polo Cup-2022” musobaqasi tashkil etiladi. Musobaqa Oʻzbekistonda ushbu sport turini keng ommalashtirish va yurtimizda ot polosini rivojlantirish maqsadida oʻtkazilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, ot polosi boʻyicha musobaqa 2021-yil yanvar oyida ham “Amirsoy Resort” togʻ majmuasida oʻtkazilgan edi. Musobaqa dengiz sathidan 1 820 metr balandlikda boʻlib oʻtadi va Oʻzbekistonning baland togʻli hududida oʻtkazilgan qor polosi boʻyicha jahon tarixidagi ilk musobaqaga aylanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?