Dehqonning zararini sugʻurta qoplaydi – Qonun loyihasi

13:01 07 Yanvar 2025 Siyosat
388 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yer uchastkalaridan foydalanish va qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish boʻyicha ikki muhim qonun loyihasi koʻrib chiqildi. Yer uchastkalaridan foydalanish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi. Mazkur loyiha orqali aholining turar joylariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibida belgilangan javobgarlik yengillashtirilmoqda.

Qonun loyihasida 3 ta kodeks va 5 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritilib, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va ularni belgilash tartiblari joriy etilmoqda. Deputatlar ushbu oʻzgarishlar yer resurslaridan samarali foydalanish va boshqarish, shuningdek, yer va shaharsozlik qonunchiligi oʻrtasidagi uygʻunlikni taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladilar. Fuqarolar tomonidan turar joylarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishdagi jarimalar kamaytirilishi ham loyihaning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, majlisda “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Qonun loyihasi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarni tabiiy ofatlar, yongʻin, zararkunandalar va boshqa xavf-xatarlardan himoya qilish uchun sugʻurta tizimini joriy etishni nazarda tutadi. Ushbu loyiha qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining huquqiy asoslarini yaratib, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kafolatlaydi.

Loyiha doirasida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasini tashkil etish, sugʻurta mukofotlari uchun subsidiyalar ajratish, xavf-xatarlarni qayta sugʻurtalash va toʻliq raqamlashtirilgan sugʻurta tizimini yaratish kabi chora-tadbirlar koʻzda tutilmoqda. Deputatlar fikricha, ushbu qonun qabul qilinsa, mahsulot yetishtiruvchilarga yanada qulay sharoit yaratiladi va iqtisodiy zararlarning oʻrnini qoplash imkoniyati oshadi.

Majlisda ikki qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qabul qilinib, keyingi bosqichga yoʻllandi. Bu qonunlar aholining yer resurslaridan samarali foydalanishini va qishloq xoʻjaligidagi xavf-xatarlardan himoyalanishini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy oʻzgarishlarni belgilab beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?