Davr talabiga hamohang oʻzgarishlar

Keyingi yillarda yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Qolaversa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, shoshilinch tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar tarmogʻini oʻz ichiga oluvchi uch bosqichli milliy tibbiyot modeli yaratildi. Buning natijasida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshishi bilan birga, sohada tub oʻzgarishni yuzaga keltirdi.
Ayni kunlarda mamlakatimizda oʻtkaziladigan muhim siyosiy jarayon — yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning xalq tomonidan tasdiqlanishi uchun referendumga puxta hozirlik koʻrilmoqda.
Shu oʻrinda Bosh qomusga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga ehtiyoj qayerdan tugʻildi, degan savol tugʻilishi tabiiy.
Men tibbiyot xodimi sifatida shuni aytishim mumkinki, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish davr talabi edi. Amaldagi Konstitutsiyadan kamchilik qidirmagan holda, yanada mukammallashtirishga, davlatimizni, fuqarolik jamiyatimizni yanada rivojlantiradigan, xalq manfaati uchun ishlaydigan Asosiy Qonun manbaiga katta ehtiyoj bor edi.
Bu yilgi referendumning oldingilaridan farqi shuki, bunda xalq bosh islohotchi sifatida namoyon boʻlmoqda. Eʼtiborlisi, yangilanayotgan Konstitutsiya 65 foizga oʻzgarayotgan boʻlsa, ularga kiritilgan yangi normalar hamda koʻplab qoʻshimchalar bevosita xalq tomonidan ilgari surilgan, muhokamaga qoʻyilgan takliflardir.
Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida yurtimizning barcha sohasi kabi tibbiyot tizimi ravnaqi, ayniqsa, fuqarolarning sogʻligʻini muhofazalashga oid bir qator yangiliklar koʻzda tutilgan.
Prezidentimizning taklifi bilan tibbiyot tizimining konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash, xususan, Bosh qomusda “Inson qadri uchun” degan gʻoya atrofida amalga oshirilayotgan islohotlar ruhida tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini taʼminlaydigan qoidalar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda koʻzda tutilgan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekani belgilab qoʻyilyapti. Bu esa tibbiyot tizimi vakillari va barcha vatandoshlarimizni ham behad mamnun etdi.
Endilikda tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi oʻrni yanada oshishi bilan birga, kelgusida tizim faollari ish samaradorligini taʼminlaydigan hujjatlar qabul qilinishiga ham asos boʻladi, deb ishonaman.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48-moddasida har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, shuningdek, davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi qatʼiy mustahkamlab qoʻyilyapti.
Ayni chogʻda davlat sogʻliqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sugʻurtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini koʻrish vazifalarini oʻz zimmasiga olayotir.
Shu oʻrinda yana bir gap. Bilasiz, yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot xodimlari huquqlari himoyasiga qaratilgan muhim hujjat — “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Qonun qabul qilindi.
Hech kimga sir emas, soʻnggi paytlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari koʻpayib boryapti. Bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sogʻligʻi yomonlashishida yoki oʻlimida asossiz ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va oʻrta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ham afsuski, uchrab turibdi.
Biroq amaldagi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda taʼsir oʻtkazganlik, shuningdek, tibbiyot xodimlarining tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy javobgarlik belgilanmagan edi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi yangi modda bilan toʻldirildi.
Xulosa oʻrnida aytganda, mazkur qonunning qabul qilinishi va yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotgan qoidalar tibbiyot xodimlari huquqlarini himoyalash hamda ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish, shifokorlik kasbining maqomi va nufuzini oshirish, fuqarolarga oʻz vaqtida hamda sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishiga xizmat qilishi bilan eʼtiborga molikdir. Bu esa Oʻzbekiston yangilangan Konstitutsiya bilan yangi tarixiy taraqqiyot bosqichiga koʻtarilishini anglatadi.
Jasur RIZAYEV,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori,
professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring