Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida sportdagi yutuqlarga alohida toʻxtaldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida joriy yilda erishilgan eng muhim yutuqlar haqida soʻz yuritar ekan, azmu shijoatli sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda erishgan gʻalabalarini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Avvalo, Oʻzbekiston futboli uchun 2025-yil chinakam tarixiy yil boʻldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Mohir shaxmatchilarimiz jahon kubogida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon kubogining eng yosh sohibi boʻlgani barchamizga yuksak gʻurur bagʻishlaydi.
Oʻtgan haftada 9-17 yoshli shaxmatchilar oʻrtasida rapid va blits yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionatida yurtimiz vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi.
Jasorat va matonat sohibi boʻlgan sportchilarimiz bu yilgi yoshlar oʻrtasidagi Paraosiyo oʻyinlarida 125 ta oltin, 77 ta kumush va 52 bronza medalini qoʻlga kiritib, ishtirokchi davlatlar orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
Isteʼdodli oʻgʻil-qizlarimiz taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi Oʻzbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi.
Oʻquvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston kelgusi yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatiga, 2029-yilda esa Yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi.
Shu bilan birga, 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhandislik yoʻnalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum oʻquvchilari oʻrtasida kasb yoʻnalishlarida xalqaro olimpiada oʻtkaziladi.
Bunday nufuzli tadbirlar Vatanimizni rivojlangan sport va ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, UNESCO Bosh konferensiyasining sessiyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining mart oyida Xoʻjandda boʻlib oʻtgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisida tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya” qabul qilindi.
Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chogʻida integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish gʻoyasi ilgari surildi. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo formatiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qabul qilish toʻgʻrisidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega boʻldi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasida strategik bogʻliqlik hamda barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring