Davlatga tegishli suv havzalari tadbirkorlarga “E-auksion” orqali ijaraga beriladi

11:23 02 Yanvar 2024 Hujjatlar
629 0

Hukumat qarori (441-son, 02.09.2023-y.) bilan Davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, 2023-yil 1-oktyabrdan davlatga tegishli suv havzalari foydalanish sharti bilan quyidagi faoliyat turlarini tashkil etish uchun elektron savdo platformasida onlayn-auksion orqali ijaraga beriladi:

— davlatga tegishli tabiiy va sunʼiy suv havzalari (suv omborlari) – baliqni sanoat usulida yetishtirish va ovlash uchun;

— tabiiy va sunʼiy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari – suv boʻyida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan, baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (oʻtov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.

Bunda tabiiy va sunʼiy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga yengil konstruksiyali qurilmalarni oʻrnatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mazkur nizom quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

— ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugamagan tabiiy va sunʼiy suv havzalariga;

— Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga;

— Prezident yoki Hukumat qarorlari asosida ijaraga berish belgilangan boshqa davlat mulklariga.

Suv havzasi (yer uchastkasi) kamida 10 yil muddatga, qoʻshimcha yana 10 yil muddatga uzaytirish huquqi bilan ochiq elektron onlayn-auksion savdosi orqali shartnoma asosida ijaraga beriladi.

Suv havzasini ijaraga berish yuzasidan tadbirkorlar tomonidan ijaraga beruvchiga tegishli takliflar berish yoʻli bilan tashabbus koʻrsatilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер