Davlat va jamiyat islohotlariga mos yana bir qonun qabul qilindi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Bugungi islohotlar jarayonida hamda davlat va jamiyatni har tomonlama rivojlantirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning roli alohida ahamiyat kasb etadi. “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida ham parlament hamda siyosiy partiyalarning muhim vazifalari va masʼuliyati belgilangan.

Bu jarayonlar siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirish, deputatlar va senatorlarning Konstitutsiyadagi vakolatlarini toʻlaqonli amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar berilishi hamda saylovchilarning partiya bilan uzviy aloqalarni mustahkamlashni taqozo etmoqda.
Muhokama qilingan Qonun bilan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, davlat mablagʻlarining siyosiy partiyalar oʻrtasida taqsimlanishi tartibini, Qonunchilik palatasi deputatlarining, Senat aʼzolarining va mahalliy vakillik organlari deputatlarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish asoslarini belgilashni, shuningdek, oʻz vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun ularga nisbatan tartibga solish choralarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlagandek, ushbu Qonun bilan jamiyat uchun muhim boʻlgan va toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlar qabul qilinishida hamda jamiyatning rivojlanishiga qaratilgan muhim masalalar yechimida deputat va senatorlarning masʼuliyatini yanada oshirishga qaratilgan oʻzgarishlar kiritilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunda deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari kuchaytirilmoqda.
Kiritilayotgan oʻzgartirishlarga muvofiq:

deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq toʻlanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shugʻullanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida ogohlantirish olganidan keyin haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shugʻullangan taqdirda;
tegishli palata, siyosiy partiya fraksiyasi, oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya faoliyatida bir kalendar yil ichida oʻttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;

chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;
partiya roʻyxati asosida saylangan deputat oʻzini deputatlikka nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiya aʼzoligidan chiqqan taqdirda deputat yoki senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish uchun asos boʻlishi belgilanmoqda.

Shuningdek, deputat yoki senator tomonidan oʻz vazifalarini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun bir qator choralar belgilanmoqda. Xususan, ogohlantirish, tegishli majlislarida uzr soʻrashni talab qilish, yoʻl qoʻyilganligi faktini palata majlisida oʻqib eshittirish, ish haqidan ushlab qolish va deputat yoki senator vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi choralar qoʻllanishi belgilanmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi siyosiy partiyalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga hamda mustahkamlashga, deputatlar va senatorlarning oʻz vazifalarini bajarishda, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishda, shuningdek, ularning daxlsizlik huquqini toʻliq taʼminlashda shaxsiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring