Davlat tilida ish yuritmagan mansabdor shaxslar jarimaga tortilishi mumkin

Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Konstitutsiyamizning 4-moddasiga muvofiq, Oʻzbekistonda davlat tili oʻzbek tilidir.
Shuningdek, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 9-moddasiga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi.
Shu bilan birga, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 10-moddasiga koʻra korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Biroq bugungi kunda ayrim davlat tashkilotlarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda olib borish holatlari kuzatilmoqda.
Bu oʻz navbatida davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborning pasayishiga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, qonunchiligimizda ushbu normalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 42-moddasi “Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan boʻlsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bogʻliq munosabatlarni qamrab olmagan.
Bu hol baʼzi davlat organlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda.
Yuqoridagi holatlarning oldini olish, davlat tilining nufuzini oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni qatʼiy belgilash, ushbu talabga rioya etmagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalarini belgilash lozim.
Shuni eʼtiborga olib, hukumat topshirigʻiga asosan, loyihada davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilash nazarda tutilib, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 42-moddasi ikkinchi qism bilan toʻldirilmoqda.
Yaʼni ushbu moddaga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” degan toʻldirish kiritilmoqda.
Loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning davlat tili sohasidagi qonunchilik tajribasi oʻrganildi.
Qonun qabul qilinishi natijasida davlat organlari, korxonalari va tashkilotlarida ish yuritishning toʻliq ravishda davlat tilida amalga oshirilishiga, ushbu sohada mansabdor shaxslarning masʼuliyati oshishiga va oʻz oʻrnida, davlat tilining rivojlanishi hamda unga boʻlgan eʼtiborning ortishiga olib keladi.
Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilishi uchun joylashtirildi. Ushbu loyiha yuzasidan fikr-mulohaza va takliflaringizni kutib qolamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring