Davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtiroki kengayadi

11:10 14 Noyabr 2023 Siyosat
159 0

Kecha siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalarining yigʻilishlari boʻlib oʻtdi. Ularda dastlab oʻtgan haftada Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 16-sammitining ahamiyati, unda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslardan kelib chiquvchi ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtildi. Shu bilan birga, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayoti, jamoat xavfsizligi, atrof-muhit muhofazasiga oid bir qator qonun loyihalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasida parlament palatalarining hamda qonun ijodkorligi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga qaratilgan normalar oʻz ifodasini topgan. Xususan, 100 ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekani mustahkamlanmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya aʼzosi Doniyor Gʻaniyev mazkur masala yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bildirar ekan, qonun tashabbuskorlaridan bu boʻyicha batafsilroq tushuntirishlar berishni soʻradi.

Qonun tashabbuskorlari berilgan takliflar, fikr-mulohazalar yuzasidan izoh berib, ushbu qoidaning kiritilishi davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokini kengaytirishini qayd etdilar.

— Har jihatdan pishiq, puxta tayyorlangan qonunlarda inson huquq va erkinliklari ustuvor ahamiyat kasb etsa, uning hayotga tatbiq etilishi ham samarali boʻladi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xudoyberdiyev. — Ayonki, mazkur qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasida yoshlar, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari va siyosiy partiyalar vakillari katta qiziqish bilan ishtirok etib, oʻz taklif va fikr-mulohazalarini bildirgan edi. Shuningdek, Qonunchilik palatasidagi deputatlar, Yoshlar boʻyicha komissiya, Yoshlar parlamenti tomonidan ham bir qator asoslantirilgan takliflar taqdim etilgandi. Aytish kerak, muhokamalar yakuni boʻyicha kelib tushgan takliflarning dolzarb, deb topilgani qonun loyihasida aks ettirildi. Bu, oʻz navbatida, ushbu hujjatning yanada pishiq-puxta boʻlishi va maromiga yetkazishda muhim omil boʻldi.

Qizgʻin davom etgan savol-javoblar davomida deputatlar loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida fraksiya aʼzolari tomonidan berilgan ayrim takliflar hujjat matnida aks ettirilgani, shuningdek, loyihaning bugungi kundagi zarurati va ahamiyati, koʻtarilgan savollarga batafsil javoblar berilganiga eʼtibor qaratib, uni qoʻllab-quvvatladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер