Davlat dasturi ijrosi hamda pochta faoliyatiga oid Qonun koʻrib chiqildi

16:51 19 Aprel 2022 Jamiyat
693 0

Joriy yil 19-aprel kuni Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. 

Unda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti va “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Qoʻmita majlisida dastlab Davlat dasturining 2022-yil 1-choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Davlat dasturi ijrosi yuzasidan shu yilning birinchi choragida 59 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

Shuningdek, hisobot davrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan geosiyosiy vaziyat bilan bogʻliq xatarlar yuzasidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan YAIM tarkibida sanoat — 5,7 foizni, xizmatlar — 6,9 foizni, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi mahsulotlari 2,8 foizni tashkil qilgan.

Davlat byudjeti daromadlari 41,9 trln soʻmga ijro etilib, Davlat byudjetining jami xarajatlari 42,9 trln. soʻmni tashkil qilgan. Ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 23,5 trln. soʻmni tashkil etib, amalga oshirilgan jami xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25,4 foizga oshgan. Joriy yil yanvar-mart oylarida jami qiymati 2 mlrd. 448 mln dollar boʻlgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, prognoz koʻrsatkichi 167 foizga bajarilgan.

Qoʻmita majlisida kun tartibidagi navbatdagi masala “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining pochta aloqasi sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini taʼminlashga qaratilgan, qonunchilikda belgilangan tadbirlar majmuidan iboratligi nazarda tutilmoqda.

Pochta aloqasi foydalanuvchilarining huquqlari va majburiyatlari aniqlashtirilmoqda. Xususan, pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini pochta manzili boʻyicha yoki yoʻqlab olish tarzida olish huquqi koʻzda tutilayotgan boʻlsa, taqiqlangan moddalar va predmetlar joʻnatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoxud lozim darajada bajarmaganlik uchun foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplashi mustahkamlanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi pochta aloqasi sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishdagi keraksiz byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Qoʻmita majlisida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер