Davlat byudjetidan ekologik masalalarni hal qilish uchun 3 trillion 480 milliard soʻm ajratiladi

11:40 03 Dekabr 2024 Siyosat
225 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2025-yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari va bir qator masalalar koʻrib chiqilmoqda. Quyi palata Spiker Nuriddin Ismoilov byudjetning xalq manfaatlarini taʼminlashdagi muhimligini taʼkidlab, kelgusi yildagi davlat byudjeti xarajatlari 345 trillion soʻmni tashkil etishini va uning 52 foizi yoki 178 trillion soʻmi ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, N.Ismoilov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisidagi, shuningdek Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqishga bagʻishlab 20-noyabrda oʻtkazilgan majlisidagi maʼruzalarida bayon etilgan takliflar boʻyicha barcha fraksiyalar tomonidan oʻtkazilgan majlislarda bildirilgan fikr-mulohazalarning muhimligini alohida taʼkidladi.

Spiker 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingani ekologik yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etishini aytib oʻtdi. Davlat byudjetidan ekologik masalalarni hal qilish uchun 3 trillion 480 milliard soʻm ajratishni nazarda tutgan. “Barqaror ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va atrof-muhitni muhofaza qilish choralari hukumatning asosiy vazifalaridan biridir”, deyiladi xabarda.

Aytish mumkinki, Shavkat Mirziyoyevning Qonunchilik palatasidagi nutqida byudjet orqali iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish asosiy vazifalar sifatida belgilangandi. “Prezidentimiz bizni doimo Davlat byudjetining tejamkor va barqaror boʻlishini taʼminlashga chaqiradi. Shu sababli rejalashtirilayotgan davlat xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan muhim ishlar amalga oshirildi. Ortiqcha moliyaviy mablagʻlar ajratilishi hollariga chek qoʻyildi. Rejalashtirilayotgan daromadlarning tarkibi, ularning milliy va jahon iqtisodiyotidagi turli salbiy omillarga nisbatan bardoshliligi batafsil oʻrganildi. Hukumat «xalqning har bir soʻmi”ni samarali tarzda sarf etish vazifasini amalga oshirishi, parlament esa buning ustidan samarali va taʼsirchan nazoratni taʼminlashi kerak», deb taʼkidladi Spiker.

Shuningdek, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash uchun byudjetda qator chora-tadbirlar belgilandi. Prezident topshirigʻiga koʻra, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish uchun zarur vositalar ajratildi. Bu jarayonda nuroniylar ham katta hissa qoʻshmoqda. “Nuroniylar orqali odamlarning haqiqiy muammolarini tushunish imkoniyati oshdi”, dedi Spiker.

Davlat byudjetdan “Yoshlar byudjeti” uchun 1,6 trillion soʻm ajratilgan. Bu mablagʻlar yoshlarning taʼlimi, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga sarflanadi. Bundan tashqari, pensionerlar, imkoniyati cheklangan va kam taʼminlangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Shuningdek, oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha parlament nazorati kuchaytiriladi. Prezident tashabbuslari asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish choralari belgilangan boʻlib, bu xalq farovonligini oshirishda muhim omildir.

Nuriddin Ismoilovning fikricha, “Har bir soʻm maqsadli va samarali sarflanishi kerak”. Shuningdek, parlament ijro hokimiyati ustidan samarali nazorat oʻrnatishi zarur. Hukumat va parlament hamkorligi byudjet ustuvorliklarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?