Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiq va shaffof boʻlishi kerak

15:05 20 Noyabr 2020 Siyosat
1733 0

Biz yashayotgan demokratik jamiyatda bu tabiiy hol boʻlib, aholi mazkur yoʻnalishda oʻzini qiziqtirgan savollarga javob olishga toʻla haqli.

Shu jihatdan, mamlakat rivoji, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligiga erishishda byudjet xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yana-da ochiq va shaffofligini taʼminlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Aytish joizki, davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi soliqlar hisobiga shakllantirilib, yigʻilgan mablagʻlar jamiyat manfaati, xalq hayotini yaxshilash maqsadida turli sohalarga yoʻnaltiriladi. Biroq 2020-yilning ogʻir kelishi, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham koʻpgina rejalarni amalga oshirishga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Ayrim sohalarda belgilangan mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishi bilan bogʻliq qator muammolar yuzaga keldi.

Davlat byudjeti nimalarga sarflanmoqda?

Sir emaski, oʻtgan yili “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinib, unda qaysi sohaga qancha miqdorda mablagʻ ajratilishi belgilangan edi. Demak, bu borada zarur huquqiy asos yaratib berildi, ammo amaliy harakatlar ham shunga yarasha boʻldimi? Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish maqsadida qabul qilingan mazkur qonunning ijrosi qay darajada taʼminlandi? Joriy yilning uchinchi choragi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining (YAIM) oʻsishi necha foizni tashkil etdi? Byudjet tashkilotlari xodimlarining maoshlari oʻz vaqtida toʻlab berildimi? Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisidagi Davlat byudjetining 9 oylik ijrosi muhokamasi jarayonida shu kabi savollar oʻrtaga tashlanib, ularga javob izlandi. Muhokamalar jarayonida asosiy eʼtibor hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, iqtisodiy koʻrsatkichlar, tahlillar va natijalarga qaratildi.

Taqdim etilgan hisobotlarda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunida belgilangan byudjet parametrlari doirasida amalga oshirilib, maʼlum qismi pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgani qayd etildi. Unga koʻra, epidemiya sabab yuzaga kelgan rejadan tashqari xarajatlarga qaramay, 2020-yilning 9 oyi yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga oʻsgan. Shu davr mobaynida Davlat byudjeti daromadlari qariyb 94,5 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, pandemiya sharoitlarini hisobga olgan holda aniqlashtirilgan prognoz koʻrsatkichlari 102,9 foizga yoki 2 661 milliard soʻmga oshirib bajarilgan.

Oʻtgan 9 oyda Davlat byudjetining xarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarini hisobga olmagan holda 94,5 foizga ijro etilgan yoki byudjet xarajatlari YAIMga nisbatan 25,0 foizdan iborat boʻldi. Pandemiya keltirib chiqargan qiyinchiliklarga qaramasdan, byudjet tashkilotlarining salkam 33,6 trillion soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari, 7,1 trillion soʻmlik ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirib berilgan.

129 milliard soʻm kamomad aniqlandi

Albatta, bu borada qilingan ishlar eʼtiborga molik. Biroq hisobot davrida yutuqlar bilan birga qator muammo va kamchiliklar ham koʻzga tashlandi. Aslida, bu borada muammoning katta-kichigi boʻlmaydi. Ayniqsa, ularning ortida inson taqdiri, xalq manfaati turar ekan, yutuqlarga mahliyo boʻlmasdan, mavjud kamchiliklarga tanqidiy yondashishimiz zarur.

Shu jihatdan, muhokamalar davomida byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi. Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 129 milliard soʻm atrofida byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi hamda asossiz xarajatlar aniqlagani tanqid qilindi. Bu borada eng katta koʻrsatkich Xalq taʼlimi vazirligi (389 ta holatda 40,7 milliard soʻm), Sogʻliqni saqlash vazirligi (345 tada 22 milliard soʻm) hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi (159 tada 10,7 milliard soʻm) tizimida qayd etilgan. Kamchiliklarni tahlil qilish asnosida mutasaddi vazirlik va idoralarning eʼtibori ularni bartaraf etishga qaratildi. Masalaning yechimiga oid bir qator takliflar oʻrtaga tashlandi.

Birinchidan, davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish holati talab darajasida emas. Bu borada 2019-yilda qabul qilingan “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni ijrosini taʼminlash boʻyicha holatni moliya vazirligi tomonidan chuqur tahlil qilib, raqobatbardoshlikni taʼminlash choralarini koʻrish zarur. Maktabgacha taʼlim tizimida davlat-xususiy sherikchilik oʻzining ijobiy natijalarini berayotgani holda, uni sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va oliy taʼlim, transport, kommunal xoʻjaligi va boshqa qator sohalarda ham jadal joriy etish lozim. Bunda faqat muammo va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etibgina qolmay, xalqaro tajribani inobatga olgan holda bozor mexanizmlarini qoʻllash tavsiya etildi.

Ikkinchidan, davlat byudjeti xarajatlarining asosiy qismi davlat xaridlari orqali amalga oshiriladi. Mazkur jarayonning ochiq, shaffof, adolatli va albatta, korrupsiyaga yoʻl qoʻymagan holda oʻtkazilishi byudjet mablagʻlarining oqilona sarflanishiga xizmat qiladi. Shu boisdan, OʻzLiDeP fraksiyasi davlat xaridlarining ochiq, shaffofligi borasidagi dastlabki ijobiy natijalarini yuqori baholaydi. Oʻz navbatida, bu borada moliyaviy nazorat tizimining takomillashuvi, byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilishining oldini olishga qaratilgan tizimli choralar koʻrilishini juda muhim deb, hisoblaydi.

Uchinchidan, davlat rahbarining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini, hududlarning iqtisodiy oʻquv nuqtalari boʻlgan sohalarni qoʻllab-quvvatlashni moliyalashtirishni toʻliq va muddatli amalga oshirish zarur. Ayniqsa, partiyamiz elektorati boʻlgan tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, klasterlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash juda muhim. Shu sababli bu borada kredit resurslarining maqsadli ajratilishi orqali ularni qoʻllab-quvvatlash, qonunchilikda belgilangan subsidiyalarning ajratilishi alohida nazoratga olinishi kerakligi soʻraldi.

Toʻrtinchidan, iqtisodiy barqarorlik va aholi daromadlarini oshirishning asosiy yoʻnalishlaridan boʻlgan qishloq xoʻjaligi sohasidagi, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritilishiga koʻmak beradigan alohida maxsus jamgʻarma mablagʻlari toʻliq tushmayotganiga eʼtibor qaratish lozim. Boisi, bugungi kunda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilishi belgilangan mablagʻlarning moliyalashtirilishi kechikayotgani yana bir muammolardan hisoblanadi.

Beshinchidan, iqtisodiy barqarorlikning muhim garovi boʻlgan eksport faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlovchi, bu boradagi sertifikatlash, sanitariya, karantin bilan bogʻliq qonunchilikni koʻrib chiqish tavsiya etildi. Shuningdek, eksport oldi moliyalashtirish borasida amaldagi tizim jiddiy oʻrganishni talab etayotganiga eʼtibor qaratildi. Bu borada OʻzLiDeP fraksiyasida tegishli mutasaddilar ishtirokida eshituv tashkil etish nazarda tutilgani maʼlum qilindi.

Umuman olganda, shu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish, byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlarning samarali hamda maqsadli sarflanishini taʼminlashda mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar masʼuliyatini yana-da oshirish, byudjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlarda moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan nazoratni yana-da kuchaytirish lozim va yigʻilishda bu boʻyicha zarur taklif va tavsiyalar ham berildi. Sababi byudjet xarajatlari ochiq-oshkora boʻlishi, davlat idoralari, hududlar uning har bir soʻmini oqilona, tizimli ravishda sarflashi zarur.

Bir soʻz bilan aytganda, byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlardan toʻgʻri foydalanish va uning natijadorligini taʼminlash – bugungi davr talabi. Bu boradagi maʼlumotlarni xalqqa ochiq-oshkora, shaffof yetkazish esa davlat idoralari oldidagi asosiy vazifalardan biriga aylanishi kerak.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер