Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash masalalari, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhitga ta’siri muhokama qilindi

12:23 05 Avgust 2023 Siyosat
3284 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’yektlariga salbiy ta’siri yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish ko‘rsatganidek, Senat qarorida belgilangan bir qator vazifalar ijrosi yetarli darajada ta’minlanmaganligi, sohadagi dolzarb masalalar o‘z yechimini topmaganligi aniqlangan.

Xususan, daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’yektlaridan lisenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi ishlab chiqilmagan.

Daryolardan qum-shag‘al qazib olishning yer osti suvlari va ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini inobatga olib, daryolarni tasarruf etuvchi yagona organni belgilash bo‘yicha taklif kiritilmagan.

Chirchiq, Zarafshon, Oqdaryo, Qashqadaryo, Sangzor va Qoradaryolaridan sanoat miqyosida qum-shag‘al qazib olishga moratoriy e’lon qilish masalasi yuzasidan aniq bir qarorga kelinmagan.

Hududlarda noruda foydali qazilmalar hamda qurilish uchun qum, chaqilgan tosh mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmagan.

Senatorlar tomonidan Zarafshon daryosi qirg‘og‘ida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida yer osti suvlari sathi 3-4 metrgacha pasayishi oqibatida daraxtlar qurib qolayotganligi, Qoradaryo va Oqdaryoda qum va shag‘al noqonuniy qazib olinishi atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’yektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi, hozirgi kunda daryolarning suv sathi 5 metrga pasayib ketganligi hamda daryolar o‘zanlari ustiga qurilgan avtomobil yo‘llaridagi ko‘priklarning tayanch ustunlari ochilib qolganligi ta’kidlandi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?