Dardoqdan chiqqan qahramon

17:24 09 May 2022 Madaniyat
2455 0

Foto: Illustrativ foto

Bu yil Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga 77 yil toʻldi. Oʻzbekiston, garchi jang maydoniga aylanmagan boʻlsada, u front orti maydoni sifatida asosiy madad kuchi maqomini olgan. Jumladan, harbiylar va mamlakat aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlovchi bazaga aylangan. Qolaversa, 1,5 million nafar oʻzbekistonliklar qoʻliga qurol olib, vatan tinchligi, oilasi halovati uchun yovga qarshi kurash olib borganlar. Afsuski, ularning 800 ming nafari hayotdan bevaqt koʻz yumgan yoki bedarak yoʻqolgan. Qoʻchqor Turdiyev, Sobir Rahimov, Nabijon Mingboyev, Abdusattor Rahimov, Rixsi Moʻminova, Bois Ergashev, Botir Boboyev, Abdusamat Taymetov, Gapsa Iskaziyev kabi vatandoshlarimiz esa fidokorona xizmatlari uchun alohida eʼtirof etildilar. Ularning aksariyati Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Qoʻchqor Turdiyev oʻzbeklar orasida birinchi boʻlib shu unvonga munosib topilgan edi.

...Men Qoʻchqor Turdiyev haqida ilk bor eshitganimda, hali bola edim. Maktabda oʻqib yurgan paytlarimiz urushda jang qilib, fashistlarni asirga olib, qahramon boʻlgan hamqishlogʻimiz haqida taniqli adib Gʻafur Gʻulom “Dardoqdan chiqqan qahramon” nomli asar yozganligini eshitgandim. Kunlarning birida Qoʻrgʻontepa tumanidagi musiqa maktabida qahramon bilan uchrashuv boʻlishini eshitib, manzilga shoshdim. Uchrashuv davomida undan “Qanday qilib qahramon boʻlgansiz?” deya soʻradim. Qoʻchqor Turdiyev birdan kulib yubordi. Soʻng yuzidagi tabassumni yoʻqotmagan holda “Jang ketayotgan edi, oʻq yomgʻirdek yogʻib turardi. Yonimda birorta tirik jon qolmadi. Aksiga olib, qoʻlimdagi qurolni tushirib yubordim, okopga tushib uni olmoqchi edim, kutilmaganda dushmanlar kelib qolishdi. Men shoshib qoldim. Qoʻlim qurolga yetmadi. Shunda oyogʻim ostidagi belkurakni shartta oldimda, fashistlarga qarab baqirdim. Qoʻrquvdan oyogʻim zil-zil titrasada, ortga chekinmadim. Nemislar ham oʻzimizga oʻxshagan ekan, vajohatimdan qoʻrqib ketdimi, shartta qurolini yerga tashlab, qoʻlini koʻtarib olsa boʻladimi! Shu tariqa besh nafar dushmanni asirga olganman”, deya javob berdi. Oʻshanda Qoʻchqor ota bizning bolalarcha dunyomizga ozor berib qoʻymaslik uchun voqeani hazilomuz tarzda ifoda etib berganini keyinchalik anglab yetdim.

1917-yilda Qoʻrgʻontepa tumanidagi Dardoq qishlogʻida tugʻilgan Qoʻchqor Turdiyev 1940-yilda harbiy xizmatga chaqirilgan edi. Bir yil harbiy koʻnikmaga ega boʻlib ulgurgan askar urushning ilk kunlaridanoq frontga yuborildi. 1941-yilning 15-oktyabrida Ukrainaning Xarkov oblastidagi Trudolyubovka aholi punktida xizmatni davom ettirayotgan askar ishtirokidagi qurolli rota dushman pulemyoti zarbasiga duch keladi. Olib borilgan mardonavor jangda Qoʻchqor Turdiyev 5 nafar dushmanni asir oladi. Uning bu qahramonligi uchun 1942-yilning 27-mart kuni “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvoni beriladi. Bunga qadar oʻzbek xalqi orasida birorta inson bu unvonga sazovor boʻlmagan edi...

Qahramon 1942-yilda kichik leytenantlar tayyorlash kursida tahsil oladi. 1943-yilga kelib Gomelsk harbiy bilim yurtining tezlashtirilgan oʻquv kurslarida ishtirok etadi.

Urushdan soʻng isteʼfoga kuzatilgan urush qahramoni oʻz faoliyatini qishloq xoʻjaligi sohasida davom ettirdi. Urushda ham, urushdan keyin ham xalqimiz tinchligi, farovon hayoti uchun kurashdi. Biroq respublikamiz Mustaqilligini koʻrish nasib etmadi. 1989-yilda bu dunyoni tark etdi...

Yillar oʻtaveradi, xotiralar mangu yashaydi. Bir kun janglar toʻxtaydi, osmon oʻqlarga toʻlgan oʻrnini qushlarga boʻshatadi. Avlodlar esa har tongni yaxshi umid bilan qarshi olgani, oʻqishga, ishga xotirjam yoʻl olgani, oldiga qoʻygan maqsadi sari dadil odimlayotgani, hamma-hammasi uchun ajdodlar xotirasi oldida bosh egadilar. Zero, ularning jasorati, fidokorligi tufayli mana shunday dorilamon kunlarga yuz tutmoqdamiz. Ularning orzu-umidlari bizning hayotimizda davom etayotgan ekan, demak, bilingki, qahramonlar mangu yashaydi!

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?