Daniya ekstremistik partiya yetakchisi muqaddas Qurʼon kitobini yoqib yubordi (+Video)

Daniyada oʻta oʻng qanot partiyasi “Stram Kurs” rahbari Rasmus Paludan Kopengagenda Qurʼon yoqish aksiyasini oʻtkazdi. Ushbu harakat Turkiya elchixonasi oldida sodir boʻldi va Paludan tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, X platformasida tarqatildi.
Ushbu voqea Shvetsiyada Qurʼon yoqish aksiyalari bilan tanilgan Salvon Momikaning oʻldirilishidan keyin sodir boʻldi. Momika 29-yanvar kuni Shvetsiyaning Sodertale shahridagi kvartirasida oʻqqa tutilgan holda topilgan.
Ushbu qotillikdan soʻng Daniya xavfsizlik va razvedka xizmati hamda Kopengagen polisi Paludanga 24 soat davomida namoyish oʻtkazishni taqiqladi. Paludan bu taqiqni buzib, aksiyani baribir oʻtkazdi va uni Momikaning xotirasiga bagʻishlanganini maʼlum qildi.
Rasmus Paludan 2017-yilda “Stram Kurs” partiyasiga asos solgan. U oʻzining ekstremistik gʻoyalari bilan tanilgan boʻlib, Islom dinini taqiqlash va “gʻarbiy boʻlmagan” muhojirlarni deportatsiya qilish tarafdori sifatida mashhur. U ilgari ham turli platformalarda Islomga qarshi videolar tarqatgan va shu sabab koʻplab tanqid va noroziliklarga duch kelgan.
Paludan ilgari ham Daniya va Shvetsiyada Qurʼon yoqish aksiyalarini oʻtkazgan. Uning bu harakatlari nafaqat musulmon mamlakatlari, balki Gʻarb davlatlari tomonidan ham qoralangan.
Qurʼonni tahqirlashga qaratilgan harakatlar dunyo miqyosida keng qoralandi. Koʻplab musulmon davlatlari bu kabi provokatsion harakatlarni diniy nafrat va ekstremizmni qoʻzgʻatuvchi jinoyat sifatida baholamoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring