“COVID-19” laboratoriyada yaratilganligi rostmi? AQSH kongressi oʻz hisobotini eʼlon qildi

10:45 03 Dekabr 2024 Dunyo
286 0

“COVID-19” pandemiyasining kelib chiqishi haqidagi bahslar hali ham davom etmoqda. AQSH Kongressi taqdim etgan hisobotga koʻra, virusning laboratoriyadan tarqalishi ehtimoli jiddiy koʻrib chiqilishi lozim. Ushbu xulosalar “Gain-of-function”, yaʼni virus yoki boshqa mikroorganizmlarning tabiiy imkoniyatlarini kuchaytirish yoki ularni yanada xavfliroq qilish boʻyicha tadqiqotlari orqali uning inson organizmiga moslashuvi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Bu masala jahon salomatligi va xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Laboratoriya gipotezasining asosiy dalillaridan biri virusning genetik tuzilishi hisoblanadi. Xususan, virusning geometrik tuzilishida joylashgan oʻziga xos qismi tabiiy viruslarda kam uchrashi uni laboratoriya sharoitida yaratilgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Ushbu tuzilma virusning yuqumliligini sezilarli oshirib, pandemiya tarqalishining asosiy sabablaridan biri boʻlgan. Bu esa virusning kelib chiqishini yanada sinchkovlik bilan oʻrganish zarurligini taqozo etadi.

Hisobotda Uxan virusologiya institutida xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani ham qayd etilgan. Laboratoriyada yuqori xavfli tadqiqotlarning minimal biologik xavfsizlik sharoitida oʻtkazilgani virus tarqalishi ehtimolini kuchaytirgan. Kongress hisobotiga koʻra, bu institutdagi ish jarayonlari xalqaro qoidalarga zid ravishda amalga oshirilgan boʻlishi mumkin. Xususan, UVI tadqiqotchilari 2019-yilning kuzida aynan koronavirusga oʻxshash kasallik bilan xastalangan va bu aynan virusning ilk koʻrinishi boʻlganligi taxmin qilingan.

“COVID-19” pandemiyasining Uxan shahrida boshlangani laboratoriya gipotezasini yanada kuchaytiruvchi omildir. Shaharda virusologiya instituti va hayvonlar bozorlari kabi ehtimoliy tarqalish manbalari mavjud boʻlgan. Shunga qaramasdan, bu boradagi maʼlumotlarning yetishmasligi va shaffoflikning kamligi muammoni chuqur oʻrganishni qiyinlashtiryapti.

Laboratoriya gipotezasining yana bir qoʻllab-quvvatlovchi omili – xalqaro nazoratning yetishmasligidir. Avvalroq Xitoy hukumati dastlabki maʼlumotlarni yashirishga uringani xalqaro hamjamiyatda jiddiy tanqidlarga sabab boʻlgandi. Bu vaziyat xalqaro shaffoflik va ishonch muammolarini yanada keskinlashtirdi.

“Gain-of-function” tadqiqotlarining virus tarqalishiga taʼsiri jiddiy oʻrganilmoqda. Qayd etish kerakki, bunday izlanishlar viruslarning yuqumliligini oshirish maqsadida amalga oshiriladi. Shunday boʻlsa-da, ayrim olimlar virusning tabiiy kelib chiqishi ehtimolini rad etmayapti. Ular virusning hayvonlardan insonga tabiiy yoʻl bilan oʻtgan boʻlishi mumkinligini bildirmoqda.

Aytishimiz mumkinki, virusning kelib chiqishi haqidagi bahslar xalqaro salomatlik tizimini takomillashtirish zarurligini koʻrsatmoqda. Bu kabi vaziyatlar uchun hozirdanoq koʻp tomonlama strategiya ishlab chiqilishi kerak. Ilmiy tadqiqotlar shaffofligi pandemiyalarning oldini olishda asosiy oʻrin tutadi. Shuning uchun xalqaro hamkorlik kuchaytirilishi kerak.

“COVID-19” virusining manbasini aniqlash kelgusi pandemiyalarning oldini olish uchun muhimdir. Ilmiy va siyosiy saʼy-harakatlar virus kelib chiqishini tushunishga qaratilgan boʻlishi kerak. Kongressning bayonotiga qaramasdan, hozirda virus tarqalishining laboratoriya gipotezasi va tabiiy kelib chiqishi haqidagi bahslar davom etyapti.

Xulosa qilib aytganda, “COVID-19” pandemiyasining kelib chiqishining ildizlarini aniqlash xalqaro hamjamiyat uchun dolzarb masaladir. Laboratoriya gipotezasini va tabiiy kelib chiqish ehtimolini birgalikda oʻrganish zarur. Ilmiy tadqiqotlar, xususan, laboratoriya tajribalari ham insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilishi kerak, uning tanazzuliga emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?