Chinni idishni sindirishni “Chidaganga chiqargan”mi?

17:47 25 Noyabr 2024 Jamiyat
239 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizda yigirmadan ortiq telekanallar faoliyat koʻrsatmoqda. Ayniqsa, xususiy telekanallar juda faol. Ekran orqali xalqning erkin fikri, yaxshi takliflari, joylardagi oʻtkir muammolar dadil olib chiqilmoqda. Siyosiy-ijtimoiy mavzular muhokamasiga bagʻishlangan tok-shoular, qiziqarli dasturlar efirga uzatilyapti.

Toʻgʻri, telekanallar uchun jarayon oson kechayotgani yoʻq. Mavzu tanlash, ularni sodda va xalqona tilda auditoriyaga yetkazish, ekspertlarni muhokamaga jalb etish katta tajriba va masʼuliyat talab qiladi. Biroq, baʼzi masalalar masʼullar nazaridan chetda qolayotgandek.

Masalan, “Zoʻr TV”da haftaning shanba kuni efirga uzatiladigan “Chidaganga chiqargan” shousida uchta yosh oila (er-xotin) xorijiy davlatga sayohat yoʻllanmasi uchun turli shartlar asosida bellashadilar. Topshiriqlar ham rang-barang, baʼzilari qiziqarli boʻlsa, ayrimlari bachkana. Ular orasida xorijdan kelayotgan, milliylikka yot gʻoyalar singdirilgan bemaʼni topshiriqlar ham kuzatiladi. Ayniqsa, likopchalarni sirpanchiq stol ustidan irgʻitgan holda maxsus teshikdan oʻtkazib sindirish sharti tafakkuri uygʻoq har qanday kishini gʻashini keltiradi.

Hunarmandning qoʻl mehnati, qalb-qoʻri, koʻz nuri bilan yaratilgan sanʼat asari qandaydir koʻngilxushlik uchun soniyalarda chilparchin boʻladi. Oʻzbekona milliyligimiz aks etgan ushbu paxtagul chinnilar qanchadan-qancha dasturxonlarni bezashi ham mumkin edi. Oramizdagi qaysidir oila shunday idishlarga erishish orzusida mehnat qilayotgandir. Balki yana bir nochor oila farzandlari cheti singan idishlarda taom tanovul qilayotgan boʻlishi ham mumkin. Bular esa milliy qadriyatimiz ramzi aks etib turgan bus-butun idishni sindirishdan zavq tuyishyapti. Aksincha, sinmasa gʻazabi qoʻziyapti.

Ushbu dastur joriy yil 23-noyabr kuni soat 1800 da efirga uzatildi. Kechki mahal “Zoʻr TV”ning “YouTube” videoxostingidagi sahifasida foydalanuvchilarning ushbu shou haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdim. Aksariyat kuzatuvchilar salbiy munosabat bildirishgan. Isrofgarchilik, toʻqlikka shoʻxlik, uvoldan boshqa narsa emasligi xususida oʻz izohlarini qoldirishgan.

Bolaligida “Orzular kamalagi” filmini tomosha qilmagan yurtdoshimiz boʻlmasa kerak. Kinoda qaroqchi va oʻgʻri bozorda koʻzalarni koʻtarasiga sotib olishadi. Sanʼat qadrini, isrofgarchilik nimaligini bilishmagan qaroqchilar koʻngil xushlash uchun ularni sindira boshlaydi. Hunarmand esa ularni bu yoʻldan qaytarishga urinadi. Qaroqchilardan biri “haqqingni oldingmi — olding, endi koʻzalar bizniki, nima qilsak oʻzimiz bilamiz”, deydi.

Shunda hunarmand “inson mehnatini toptagan odam koʻr boʻladi. Ming laʼnat senlarga. Buni odamlar foydalansin deb yasaganman. Sendaqa axloqsizlar sindirsin, deb emas. Mana pullaring, ol», deb tangalarni ular tomon irgʻitadi.

Filmlar shunchaki yaratilmaydi. Ularda achchiq bir haqiqat yotadi. Mazmun-mohiyatida insoniyatni ezgulikka boshlovchi, yomonliklardan qaytaruvchi chorlovlar bor. 1982-yilda yaratilgan ushbu film ijodkorlari “Chidaganga chiqargan” teleshou mualliflarini oldindan bashorat qilgandek goʻyo.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?