Chinakam vatanparvarlarni til va adabiyot tarbiyalaydi
Foto: Arxiv surat
Filologiya fanlari doktori, professor
Nurboy JABBOROV bilan suhbat.
— Suhbatimiz 21-oktyabr — Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun arafasida boʻlgani bois soʻzimiz avvalida millatimizning bosh belgisi boʻlmish — ona tilimizning rivoji, uning oʻrganilishi va adabiyotimizning muhim jihatlariga doir mulohazalaringizni bilmoqchimiz.
— Ona tili taqdiri uchun kuyinish hissi — u xoh tilshunos olim, biror soha rahbari yoki muallim boʻlsin, xoh oddiy dehqon, tijoratchi yoki muhandis boʻlsin — millatning har bir vakili qalbiga koʻchmas ekan, tilning ravnaqi haqida gapirish mahol.
Hazrat Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz”, deganidan til va elning yaxlit bir hodisa ekanini anglash qiyin emas. Biroq bugun ana shu hodisalarning bir tanu bir jon ekanini bir qadar unutgandekmiz, nazarimizda. Birgina misol. Poytaxtimizning markaziy koʻchalaridan birida bor-yoʻgʻi ikki chorraha oraligʻidagi joy nomlarini oʻqib, taajjubga tushasiz. Mana ular: “PlayStation”, “TOPMEN boutique”, “Premio”, “Rest”, “Holis agro”, “Miss S”, “MAG avto”, “Avtostekla” “Mano Mancino”, “Dizayn grup”, “Kids klub”, “Elegan Service”, «Salon krasotы», “Atelye mod”....
Xalqimizdan chiqqan tadbirkorlarni, tojirlarni hurmat qilamiz. Bugun ular aksari savdo madaniyatini yuksaltirishga katta hissa qoʻshyapti. Dunyoning istalgan davlatidan xalq ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarni keragicha yetkazib kelayotir – baraka topsin! Boyiyapti, odamlarga, jamiyatga foyda keltirishga urinyapti – ofarin! Doʻkonlar, boshqa savdo va maishiy inshootlarni barpo etyapti – bu juda zarur! Bizning istagimiz: ularda hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda, «asl tillarning manshaʼi» boʻlgan ona tilimizga ham ozgina eʼtibor, hurmat tuygʻusi ham boʻlsa edi... Tilimizda yuqoridagi ajnabiy soʻzlardan koʻra jozibaliroq iboralar shunchalar koʻpki, ularni bilmaslik – uyat!
Shuningdek, bugungi reklamalar tili achinarli holda. Televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi va hokazo maishiy buyumlarimiz buzilsa, tuzatishga olib borishdan avval, albatta, shu sohadan xabardor odamlar bilan maslahatlashamiz. Ustaning eng yaxshisini topishga harakat qilamiz. Afsuski, tilimiz buzilsa, bu darajada eʼtibor bermaymiz. Yoʻqsa, reklamadan pulni ayamaydigan joʻmard tojir unga qanday soʻzlar bitilganiga ham ozgina eʼtibor qaratgan boʻlar edi. Yuqorida tilga olingan koʻchada dizayn jihatdan ancha chiroyli bir reklama lavhasi osilgan. Unda rus tilida «Kachestva – priznak liderstva» jumlasi darj etilgan. Afsuslanarlisi shuki, bu jumla oʻzbek tiliga “Sifat – sardorlik belgisi”, deya tarjima qilinadi. Tabiiyki, ruscha jumlada bugungi raqobat sharoitida sifat bilangina yengib chiqish mumkinligi ifodalangan va u juda ham tushunarli. Uni oʻzbek tiliga toʻgʻridan-toʻgʻri kalta qilib emas, “Sifat – yutuq garovi!” deya oʻgirish ham mumkin edi.
Shevalar – adabiy tilni boyitishdagi muhim manba. Faqat uni qoʻllashda meʼyor talab etiladi. Oʻzaro suhbat, choyxona, toʻy-maʼrakalarda shevada soʻzlanishi zarracha eʼtiroz uygʻotmaydi. Ustoz akademik Matyoqub Qoʻshjonov hikoya qilgan qiziq bir voqeani adabiyot ixlosmandlari eshitgan. Emishki, Xorazmdagi maktablardan birida bitiruv oqshomi boʻlgan. Domla jiddiy turib: “Mana, endi oʻninchi sinfni bitirdinglar. Oʻzbekiston boʻylab tarqalib ketasizlar. Shuning uchun mumkin qadar toza oʻzbekcha gapiringlar. Xoʻpmi?” desa, zal gurillab javob beribdi: “Hovva!”
Bunda shevadan butunlay qutulish qiyin ekani ifodalangan. Lekin bu fikrni adabiy tilda bayon etish imkonsiz degani emas. Jamoat joylarida, televideniye-radioda, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda esa adabiy tilda soʻzlash shart. Chunki adabiy til millatning birdamligini taʼminlaydi. Adabiy tilda soʻzlash boshqa shevalar vakillariga hurmat demakdir. U soʻzlovchining madaniy darajasini, maʼrifiy saviyasini ham koʻrsatadi. Taassufki, bugun televideniyening ayrim kanallarida, xususiy radiokanallarda shevada gapirish qoidaga aylanyapti.
Mustabid tuzum davrida maʼrifatparvar ajdodlarimiz zamon talabiga mos, yangicha maktablar ochishga harakat qilganlar. Manbalarda mustamlaka maʼmuriyati bunday maktablarga darslar oʻsha hudud shevasida olib borilgan holdagina ruxsat etish haqida yashirin farmon bergani zikr etilgan. Binobarin, tilning ravnaqini, millatning hamjihatligini taʼminlashni istagan har bir ziyoli masʼuliyatni zimmasiga olishi – adabiy tilga eʼtiborli boʻlmogʻi zarur.
Lotin imlosi asosidagi yozuvga oʻtyapmiz. Bir necha avlod oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tizimini ana shu imlo asosida bitirdi. Kiril alifbosidagi «x» va «h»ni aniq farqlash maqsadida lotin imlosida ular uchun bir-biriga oʻxshamaydigan alohida belgilar qabul qilingan. Biroq, afsuski, ularni farqlamaslik hanuz davom etayotir. Mahobatli bir tashkilotga borishimga toʻgʻri keldi, birgina qavatdagi uch eshikka osilgan lavhalar barchasi gʻalat: “Qabulhona”, “Hatlar boʼlimi”, “Xisob-kitob boʼlimi”. Agar bu yagona hol boʻlganda va faqat shu muassasadagina uchrasa edi, unga eʼtibor qaratilmasa ham boʻlar edi. Taassufki, bunday loqaydlik, befarqlik urfga aylanyapti. Bularni koʻrib, dilingiz ranjib qaytar ekansiz, peshonangiz yana bir xatoga uriladi: “Hush kelibsiz”. Ajabo, bu nima degani? Balki “Hushingizga kelibsiz”, demoqchidir. Koshkiydi, tilga, imloga eʼtiborsiz loqaydlar hushlariga kelsa...
— Isʼhoqxon Ibratning bir hikmatida «Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilishi uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat bu vataniy ishdir», degandi. Sizningcha, bugungi kunda til ilmining rivoji talab darajasidami?
— Bugun tilshunoslikda kompyuter lingvistikasi degan alohida ilmiy yoʻnalish shakllandi va rivojlanyapti. Shu yoʻnalish zaminida yuzaga kelayotgan gradual lingvistika boʻyicha tadqiqotlar olib borilayotir. Oʻzbek zaminida shakllangan bu tilshunoslik natijalaridan Gʻarb mamlakatlarida, xususan, Germaniyada zamonaviy “WortShatz” internet lugʻatlarini tuzishda keng foydalanilmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu tilshunoslik yutuqlarini ilmga joriy etish dunyo miqyosida tom maʼnodagi yangi milliy oʻzbek tilshunosligi shakllanishi uchun zamin yaratadi.
Bundan tashqari, tilshunoslik va sotsiologiya kesishuvida yuzaga kelgan sotsiolingvistika, psixologiya va tilshunoslik sintezida maydonga chiqayotgan psixolingvistika tobora rivojlanayotir. Bu yoʻnalishlar alohida fan sifatida bakalavriat va magistratura oʻquv rejalariga kiritilgani hamda ularni oʻqitishda muayyan yutuqlarga erishilayotganini zamon taqozosi, ehtiyoj samarasi, deb bilmoq zarur.
Tilshunoslik va tabiiy fanlar degan alohida ilmiy yoʻnalish shakllandi va u fan sifatida oʻqitilmoqda. Tilshunoslik va meditsina, jumladan, psixoterapiya va notiqlik sanʼati, shuningdek, tilshunoslik va psixiatriya, yaʼni turli ruhiy kasallik holatidagi nutqiy xususiyatlar masalalarini tadqiq qilish; matematik metodlarning tilshunoslikka oʻtishi, boshqacha aytganda, ehtimollik nazariyasi va statistik metoddan foydalanish muammolarini ana shu fan oʻrganadi. Bundan tashqari, lingvogeografiya, yaʼni tilshunoslik va kartografiya, shevashunoslik hamda areal lingvistika masalalari ham shular jumlasidandir.
Biroq oʻzbek tilshunosligi milliy negizda rivojlanyapti, deb toʻliq ishonch bildira olmaymiz. Bugungi kunda oʻzbek tilshunosligi ajnabiy istilohlar girdobida qolyapti. Bu sohada himoya qilinayotgan ayrim dissertatsiyalarning mazmuni ham, mavzusi ham ona tilimiz tabiatiga mutlaqo begona. Ularni anglash uchun oʻzbek tiliga tarjima qilish zarurati paydo boʻlyapti. Masalan, «Antroponimlar diskurs relevanti sifatida», «Gipotaktik qurilma shakllanishining kognitiv-pragmatik xususiyatlari», «Olamning milliy lisoniy tasvirida teomorfik metaforaning kognitiv aspekti» mavzularida aynan Oʻzbek tili ixtisosligi boʻyicha dissertatsiyalar himoya qilingan. Bu mavzularni, ulardagi bir-ikki soʻzni istisno qilganda oddiy odamlar tugul filolog mutaxassis ham tushunishi qiyin.
Modomiki, ona tilimiz mavqeyi hozirgidan ham yuksalishini xohlar ekanmiz, kamchiliklarni eʼtirof etish kerak. Ularni tuzatish choralarini koʻrmogʻimiz zarur. Men tilshunoslikning jamiyat rivojiga taʼsirini nazarda tutyapman. Bugun goʻyo “Tilshunoslik – tilshunoslik uchun” degan qoida amal qilayotgandek tasavvur uygʻonadi.
— Yuqorida tilshunoslikning jamiyat rivojiga taʼsiri haqida ham qisqacha gapirib oʻtdingiz. Haqiqatan ham, tilshunoslik va ijtimoiy voqelik oʻzaro mutanosiblikda, oʻzaro taʼsir asosida rivojlanishi sir emas. Xoʻsh, tilshunoslikning ilmiy natijalari bugungi kunda oʻquv jarayonidan boshqa (aslida, bu borada ham muammolar yetarli) qaysi jabhaga faol tatbiq etilyapti? Bugun filologiya sohasida eng koʻp dissertatsiyalar boʻyicha himoya qilinayotgan zamonaviy tilshunoslik sohasining amaliyotga tatbigʻi qoniqarlimi?
— Afsuski, bu savolga beriladigan javob biz kutgan darajada ijobiy emas. Bugungi kunda jahon miqyosida kechayotgan integratsiya va globallashuv jarayonida oʻzbek tilini dunyoviy tillar darajasiga olib chiqish hayotiy zaruriyatdir. Mazkur katta, masʼuliyatli, oʻta muhim maqsadni amalga oshirishda kompyuter texnologiyalariga, xususan, kompyuter lingvistikasiga boʻlgan ehtiyoj yana ham oshadi. Chunki aynan kompyuter lingvistikasi oʻzbek tilining jahon miqyosiga chiqishida, ona-tilimizning dunyoviy tillardan biriga aylanishida, uni oʻrganish va oʻrgatish ishlari optimallashuvida hal qiluvchi oʻrin tutadi.
Mutaxassislar fikricha, kompyuter lingvistikasining asosiy maqsadi tilshunoslikka oid masalalarni yechishning kompyuter dasturlarini yaratishdir. U amaliy tilshunoslikning boʻlimi boʻlib, matnga kompyuter yordamida ishlov berish bilan bogʻliq vazifalarni bajaradi. Uning asosiy vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
- tillarga oʻqitish;
- bilimlarni tekshirish (baholash);
- matnlarni turli jihatdan avtomatik tahrirlash;
- mashina tarjimasi uchun moʻljallangan dasturlarni ishlab chiqish;
- lugʻatlarni va kompyuterdagi matnni statistik tahlil qilish va h.k.
Koʻrinadiki, katta hajmdagi axborotni qayta ishlash zaruriyati kompyuter lingvistikasini taqozo etadi. Bularni mazkur sohaning oʻziga xos yoʻnalishlari deb ham atash mumkin. Agar ushbu yoʻnalishlarning mohiyatiga chuqurroq eʼtibor berilsa, ularning har biri oʻzbek amaliy tilshunosligi uchun naqadar hayotiy, zaruriy ahamiyat kasb etishi ayon boʻladi. Shunga koʻra, kompyuter lingvistikasining ayni vazifalari asosida bugungi kunda oʻzbek tilshunosligining kompyuter bilan bogʻliq holda hal etish lozim boʻlgan quyidagi masalalarini taʼkidlab koʻrsatish mumkin:
- oʻzbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish;
- axborot matnlaridagi qoliplilik, qisqalik, aniqlik mezonlarini ishlab chiqish;
- internet saytlarini yaratish meʼyorlarini belgilash;
- oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha elektron darsliklar yaratish;
- kompyuterda inglizcha-oʻzbekcha va oʻzbekcha-inglizcha tarjima dasturlarini tuzish;
- yozma matnlarni tahrirlash dasturini yaratish.
Ushbu muammolarning eng ahamiyatlisi – oʻzbek tilining axborot (kompyuter) uslubini yaratish. Chunki sanalgan barcha muammolarning yechimi shunga bogʻliq. Zero, jahon andozalari talablariga javob beruvchi, har tomonlama mukammal, qulay va ommabop axborot (kompyuter) uslubi yaratilganidan soʻnggina yuqoridagi muammolarni hal qilish mumkin boʻladi.
Bir necha yillar muqaddam “Dunyoviy oʻzbek tili” kitobi bosmadan chiqqan edi. Unda oʻzbek tilidagi birgina “ishlamoq” feʼlining taxminan yuz ming shakli (leksik grammatik paradigmalari) rus va ingliz tillariga oʻgirilgan. Ingliz tilida esa bu feʼlning bor yoʻgʻi 100 ta shakli borligi maʼlum. Mana sizga qiyos: 100 000 ta va 100 ta.
— Milliy til yuksalishi, ravnaq topishi uchun bu tilda yaratilgan adabiyotning saviyasi qanday oʻrin tutadi?
— Adabiyot – tilning badiiy voqelanishi. Tilning butun sehru jozibasi, latofati, hatto nuqsi ham shu tilda yaratilgan badiiy asarda namoyon boʻladi. Ijod ahli zimmasidagi vazifa shuning uchun ham behad ogʻir. Qoʻliga qalam olgan odam bitiklari buyuk bir millat adabiyotiga munosib boʻlishiga intilmogʻi zarur. Bugun sariq matbuot oʻziga oʻxshagan xazonrang adabiyotni tugʻdi. Uning tili gʻaliz, mavzusi oldi-qochdi, muddaosi esa – ogʻirning ustidan, yengilning ostidan oʻtmoqdir.Sariq adabiyotning aʼmoli – adabsizlik. Shu bois unga oid “asar”larda ikki jins munosabatidagi hazrat Navoiyday zot «zikri tarki adab va bayoni behijobliqqa sabab»deb hisoblagan jihatlar ham yuzsizlarcha targʻib etilaveradi. Shu sababdan, odamkushlik, zoʻravonlik, qotillikning yalangʻoch tasviri bu “adabiyot” ning asosiy obyektiga aylangan. Bu turdagi “asar”lar milliy maʼnaviyatga katta xavf tugʻdiradi. Azaliy axloqiy qadriyatlar tanazzuliga sabab boʻladi. Adabiy-estetik didni oʻtmaslashtiradi, tafakkurni oʻldiradi.
Ushbu fikrlar isboti uchun sariq adabiyot namunalaridan istagancha misol keltirish, ularni tahlil qilish mumkin. Biroq ular bunday eʼtiborga munosib emas, tanqiddan tubandir. Buning oʻrniga milliy adabiyotimizning sara asarlari haqida fikr yuritmoq afzalroq.
Agar til quyoshga tashbih etilsa, adabiyot nurga mengzaladi. Chunki Abdulhamid Choʻlpon aytmoqchi, adabiyot «oʻtkir yurak kirlarini yuvadurgʻon toza maʼrifat suvi». Shu sababdan ham u aqlni charxlaydi, didni oʻtkirlashtiradi, shuurlarga yorugʻlik bagʻishlaydi.Faqat adabiyotgina insonni jaholat girdobidan xalos etib, maʼrifat maqomiga olib borishga qodir. Lekin buning muhim bir sharti bor: uning tilida fasohat va balogʻat boʻlmogʻi zarur. Ustoz Abdulla Orif taʼbiri bilan aytganda, “…chinakam adabiyot, sheʼriyat namunasi betakror mazmun, goʻzal tashbih, sirli ruh mutanosibligidan yuzaga keladi. Uning oʻquvchini butunlay oʻzga olamga olib kirishi, kitobxon tuygʻulariga kuchli taʼsir etishi sababi shunda». Jahonning mashhur adiblaridan birining diqqatga sazovor eʼtirofi bor: “Matematika, fizika, umuman tabiiy fanlar bir ilm odamini yetishtirmogʻi mumkin. Chinakam vatanparvarni esa adabiyot tarbiyalaydi”. Shunday ekan, millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti boʻlgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.
Murodjon RAHMATOV suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring