Chimmosdagi “IT shaharcha” mahalla yoshlarining taraqqiyot drayveriga aylana oladimi?

13:44 24 Dekabr 2025 Jamiyat
266 0

“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida sohasini rivojlantirish maqsadida koʻplab imtiyozlar berilgan boʻlib, Samarqand viloyatida ushbu imkoniyatlardan keng foydalangan holda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Soliq va moliyaviy imtiyozlar berilishi natijasida IT-Park rezidentlari 2030-yilgacha foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va ijtimoiy soliqlardan ozod etilgan. Shuningdek, “Yagona darcha” tizimi orqali litsenziyalash va rezidentlik olish osonlashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash boʻyicha “Bir million dasturchi” onlayn IT taʼlim platformasi joriy etilgan boʻlib, “IT Academy”, “Astrum IT Academy”, IT Park akademiyalari, “21-school”, Muhammad al-Xorazmiy vorislari, hududlarda IT-shaharchalar hamda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihalari ishga tushirilgan va har yili 100 mingga yaqin yoshlar IT sohasida bepul oʻqitilmoqda.

Bu boradagi ishlar viloyatning chekka hududlarida ham oʻz samarasini beryapti. Xususan, viloyat markazidan 150 kilometr olisda, Qoʻshrabotning dashtida, bir paytlar infratuzilmasi ogʻir boʻlgan, umuman, imkoniyatlari cheklangan Chimmos mahallasi bugun namunali maskanga aylanib bormoqda.

Uch mingdan ziyod aholi yashaydigan mahallada odamlarning kayfiyati oʻzgargan va yoshlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchi oshgan.

Chimmos mahallasi hokim yordamchisi Bobomurod Qarshiyevning taʼkidlashicha, hudud uzumchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan boʻlib, 20 dan ortiq tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Bu yil 90 nafar ishsiz fuqaroning 50 nafarga yaqini ishga joylashtirilgan, qolganlariga esa 650 million soʻm imtiyozli kredit berilib, tadbirkorlikni boshlashiga koʻmaklashilgan.

- Maqtanish emas, hozir mahallamizda ishsiz fuqaro deyarli yoʻq, deydi Bobomurod Qarshiyev. — Mehnatga layoqatli aholining asosiy qismi korxona va tashkilotlarda ishlaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlik bilan shugʻullanadi, ikki yuzdan ziyod kishi uzumchilik, uch yuzga yaqini chorvachilik bilan band. Mavsumiy ishlarda yuzdan ortiq fuqaro mehnat qilsa, yuzdan ziyod ayol tikuvchilik bilan shugʻullanadi.

Shu yil may oyida mahallada yoshlarning IT va xorijiy tillarni oʻrganishi uchun barcha sharoitga ega “IT shaharcha” tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 15-maydagi qaroriga koʻra, 2022-yilda Nurobod tumanining Oqsoy mahallasida respublikada birinchi marta ochilgan “IT-Village” konsepsiyasi asosida bunyod etilgan ushbu maskan 35 sotix maydonni egallagan boʻlib, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan.

- Markazimizda bir vaqtning oʻzida 70 nafarga yaqin yosh taʼlim oladi, — deydi “IT shaharcha” ish boshqaruvchisi Jamshid Botirov. — Taʼlim jarayoni xorij texnologiyalari asosida tashkil etilgan boʻlib, 6 nafar mutaxassis 216 nafar yoshga dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi hamda ingliz va boshqa xorijiy tillarni bepul oʻrgatmoqda. Axborot texnologiyalari markazimizga oʻquvchilar 12 yoshdan qabul qilinadi va sinov muddatidan muvaffaqiyatli oʻtgan iqtidorli oʻquvchilar kurslarga saralanadi. Bugunga qadar 60 nafar oʻquvchi kompyuter savodxonligi kursini muvaffaqiyatli tugatdi va yil oxirigacha yana 50 nafardan ziyod bitiruvchiga sertifikat topshiriladi.

- Zamonaviy “IT shaharcha” ishga tushgach, bu yerda ingliz tili kursida oʻqib, sertifikatga ega boʻldim, — deydi tumandagi 64-umumtaʼlim maktabi 11-sinf oʻquvchisi Shamshodbek Soliyev. — Bu menga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endi Toshkentdagi jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga oʻqishga kirib, bilimimni yanada mustahkamlayman va kelajakda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshish uchun intilishdan toʻxtamayman.

Bu yerliklar mazkur “IT shaharcha” chimmoslik yoshlarning taraqqiyot drayveriga aylanishiga umid qilishmoqda. Buning uchun esa markazda barcha sharoitlar mavjud. Hamma gap yoshlarning ilm yoʻlida tinimsiz izlanishlariga bogʻliq.

Kelgusi yillarda viloyatning barcha aholi yashash maskanlari toʻliq mobil aloqa va internet bilan taʼminlanib, olis hududlarda yoʻldosh aloqa texnologiyalari joriy etiladi. Shuningdek, 2030-yilga qadar 300 ming nafardan ziyod aholi va yoshlar sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, dasturlash va boshqa yoʻnalishlarda oʻqitiladi.

- TATU Samarqand filialida sunʼiy intellekt boʻyicha oʻquv laboratoriya tashkil etilib, Samarqand shahrida ikkita zamonaviy IT-Park qurilishi rejalashtirilgan, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat hududiy shuʼbasi boshligʻi Dilmurod Xoʻjamberdiyev. — Hozirda Samarqand shahridagi School-21 raqamli texnologiyalar maktabi hududidan ajratilgan yer maydonida IT-Park qurilishi ishlari boshlandi. Qorasuv massivida ajratilgan 80 sotix yer maydonida esa Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda yoshlar texnoparki qurish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Shu bilan birga, 2026-yilda Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasini ishga tushirish va 2030-yilga qadar 25 ming nafardan ziyod yoshlarni bepul axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga oʻqitishni maqsad qilingan.

Viloyatda yil yakunigacha IT-Park rezidentlari tomonidan koʻrsatilgan eksport xizmatlari hajmi 18 million dollarga yetishi kutilmoqda. Eksport va xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini oshirish hamda xorijiy buyurtmalarni jalb etish uchun Germaniya, AQSH, Koreya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Xitoy davlatlarida IT-Park vakilliklari tashkil etilgan.

Xullas, kelgusida nafaqat Chimmosda, balki viloyatda IT sohasi shubhasiz yoshlarning taraqqiyot drayveriga aylanadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер