Chim ustida xokkeychilarimiz irodali gʻalaba bilan Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma olishdi

21:36 14 May 2022 Sport
697 0

Foto: Milliy olimpiya qoʻmitasi

Ayni kunlarda Tailandda chim ustida xokkey boʻyicha Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari uchun saralash musobaqa boʻlib oʻtmoqda. Quvonarlisi, unda ishtirok etayotgan erkaklar terma jamoamiz ilk bor Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma oldi.

Hamyurtlarimiz Oʻmon, Tailand, Gonkong va Qozogʻiston vakillari bilan bir guruhdan joy olishdi. Bellashuvlarda 1 gʻalaba, 2 durang va 1 magʻlubiyat qayd etgan jamoamiz uchinchi oʻrin bilan Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi pogʻona uchun kurashni davom ettirdi. Ushbu bosqichda vakillarimizga singapurlik xokkeychilar raqiblik qilishdi. Penaltilar seriyasigacha davom etgan bahsda omad hamyurtlarimiz tomonda boʻldi va jamoamiz tarixiy gʻalabaga erishdi.

Ushbu muvaffaqiyat bir qator mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Jumladan, Osiyo xokkey federatsiyasining Ijrochi direktori Tayyab Ikram Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasini qoʻlga kiritilgan gʻalaba bilan qutlab, rasmiy tabrik yoʻlladi.

Reglamentga koʻra, Osiyo oʻyinlarida qitʼamizning eng kuchli 12 jamoasigina ishtirok eta oladi. Avvalgi musobaqada (Indoneziyada) kuchli beshlikka kirgan termalar (Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Pokiston va Janubiy Koreya) hamda mezbon Xitoy toʻgʻridan-toʻgʻri asosiy startga yoʻllanma olgan boʻlsa, yana olti jamoa nomi ushbu turnirda maʼlum boʻldi.

Keling, shu oʻrinda jamoamizning musobaqada qayd etgan natijalariga nazar tashlaymiz.

Guruh bosqichi:

1-tur: Oʻzbekiston – Gonkong 4:2

2-tur: Oʻzbekiston – Tailand 1:1

3-tur: Oʻzbekiston – Qozogʻiston 3:3

4-tur: Oʻzbekiston – Oʻmon 3:6

Osiyo oʻyinlari yoʻllanmasi uchun pley-off:

Oʻzbekiston – Singapur 2:2 (pen. boʻyicha 4:2)

Tailanddagi musobaqa orqali Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga yoʻl olgan jamoalar: Bangladesh, Indoneziya, Oʻmon, Shri-Lanka, Tailand va Oʻzbekiston.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер