Chempion mototsikl oʻgʻirladi, agar u oqlanmasa, transport yoqib yuborilishi mumkin edi

Illyustrativ foto
U sportda erishgan yutuqlari asosida berilgan imtiyoz asosida Oʻzbekiston Milliy universitetiga qabul qilingandi. Endigina 18 yoshni qarshilagan J.ning bolalarcha qiziqishi Oʻzbekiston tumani IIB YHXGga qarashli “Shodlik” MFY hududida joylashgan jarima maydonida saqlanayotgan “JAWA” rusumli mototsiklni oʻgʻirlik yoʻli bilan olib qochishga undadi.
“Qahramon”imiz 2020-yil 2-sentyabr kuni soat 02:00 larda “JAWA” rusumli mototsiklni oʻgʻirlashga oʻgʻirlab olib chiqdiyu, yoʻlda ketayotganda qilgan ishidan afsuslanib, oʻzi yashaydigan mahalla profilaktika inspektorining telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilib, jarima maydonidan mototsikl oʻgʻirlab chiqqanini aytib, aybini boʻyniga oldi.
Birozdan soʻng, yetib kelgan profilaktika inspektori tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi. Natijada, mototsikl jarima maydonchasiga qaytarildi, J. esa qamoqqa ravona boʻldi.
Sud majlisida soʻralgan J. mototsikl minishga juda qiziqqani sababli ushbu mototsiklni oʻgʻirlab chiqqanini, uni shu kuni minib, keyin yana joyiga olib borib qoʻymoqchi boʻlganini bildirdi.
Mototsikl egasi esa suddan arzimagan narxdagi mototsiklini deb J.ning kelajagini barbod qilmaslikni, agar u ozodlikdan mahrum qilinadigan boʻlsa, oʻsha mototsiklini kerak boʻlsa yoqib yuborishini, J. sodir etgan jinoyat natijasida hech qanday moddiy zarar koʻrmagani, uni kechirganini aytib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan yengilroq jazo tayinlashni soʻradi.
J. oʻzining jinoiy harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi «g» bandida koʻrsatilgan jinoyatni qasddan sodir etgan. U Jinoyat kodeksida belgilangan modda sanksiyasi doirasida 10 yildan 15 yilgacha ozodligi mahrum qilinishi mumkin edi.
Lekin sud J.ga jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati jabrlanuvchiga zarar yetkazilmagani, uning Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi ekani, sportning Taekvondo WTF turi boʻyicha erishgan yutuqlari, aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz va pushaymonligini hisobga oldi.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Fargʻona viloyat kengashi tomonidan berilgan ijobiy tavsifnomani hisobga olib, sud JKning 57-moddasini qoʻllab, modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, J.ga kech soat 21:00 dan ertalab soat 6:00 gacha yashash joyidan chiqmaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash va oʻqish joyini oʻzgartirmaslik kabi taqiqlarni yuklab sud zalidan darhol qamoqdan ozod qilishni lozim topdi.
Ehtiyot chorasi sifatida ikki oydan ortiq muddat qamoqda saqlangan J. ozodlik qadri naqadar yuksak ekanini anglab, oʻqib, sportning Taekvondo WTF turi boʻyicha albatta Osiyo va Jahon chempioni boʻlishga vaʼda berdi.
E.Hakimov,
jinoyat ishlari boʻyicha
Qoʻqon shahar sudining sudyasi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring