Chavandozlarimiz Rossiyadagi xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli qatnashishdi

15:06 28 Iyun 2022 Sport
654 0

Rossiyada ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha anʼanaviy “Maxima Masters CUP Eurasia” va “Maxima Masters Eurasia Team Competition” musobaqalari boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan hamyurtlarimiz kutilganidek sovrinli oʻrinlarni egallashdi.

Turnirda mazkur sport turidagi Yevrosiyo ligasi tarkibiga kirgan 11 jamoa qatnashdi. Qizgʻin kechgan bellashuvlarning jamoaviy dasturida terma jamoamiz mezbonlardan soʻng ikkinchi pogʻonaga koʻtarildi. Qayd etish joiz, bahslarda Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev boshchiligida Bekzod Qurbonov, Nurjan Tuyakbayev, Umid Kamilov, Xurshidbek Alimjonov kabi chavandozlarimiz yurtimiz sharafini himoya qildilar.

Ahamiyatlisi, 125 smni tashkil etgan toʻsiqlardan oʻtish bellashuvida Bahromjon Gaziyev mahorat koʻrsatib, “Lady” tulporida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Tabiiyki, ushbu natija terma jamoamizning boshqa vakillarini yanada ruhlantirdi. Shundan soʻng balandligi 145 sm boʻlgan bahsda Nurjan Tuyakbayev oltin medal sohibi boʻldi.

Musobaqaning eng asosiy yoʻnalishi – 150 sm balandlikdagi toʻsiqlardan tashkil topgan Gran-pri dasturida Bekzod Qurbonov gʻalabani tantana qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?