“CAFA National Cup”. Oʻzbekiston kuchliroqmi yoki Eron?

12:44 08 Sentyabr 2025 Sport
441 0

Foto: OʻFA

Bugun, 8-sentyabr kuni Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan “CAFA National Cup” musobaqasining final oʻyini boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ushbu oʻyinda amaldagi chempion Eron termasi bilan kuch sinashadi. Quyida bugun oʻyin oldidan ikkala jamoani oʻzaro taqqoslab koʻramiz.

Umumiy koʻrsatkichlar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingda 1449,12 ball jamgʻargan holda 55-oʻrinni egallab turibdi. Bu ayni paytda Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanligini bildiradi.

Eron terma jamoasi esa ayni paytda FIFA reytingida 1624,3 ball toʻplagan holda 20-oʻrinni egallab turibdi. Bu oʻz navbatida eronliklar Osiyo miqyosida 2-oʻrinda ekanliklarini bildiradi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “CAFA National Cup” turnirida shu vaqtga qadar 7 ta oʻyin oʻtkazgan. Ularning 5 tasi terma jamoaning gʻalabasi bilan yakunlangan, 1 ta bahsda esa magʻlubiyat qayd etilgan. Yana bitta oʻyin durang natijasi bilan tugagan.

Eron termasi esa musobaqa doirasida jami 6 ta oʻyin oʻtkazgan va ushbu oʻyinlarning barchasida gʻalaba qozongan. Jamoa musobaqaning amaldagi chempioni hisoblanadi.

Murabbiylar

Har ikki jamoani ayni vaqtda mahalliy mutaxassislar boshqarmoqda. Oʻzbekiston milliy terma jamoasida Timur Kapadze, Eron jamoasida esa Amir Galenoiy faoliyat olib bormoqda.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadzening ushbu jamoani qabul qilib olganiga koʻp boʻlmadi. Amir G‘alenoiy esa 2023-yilning mart oyidan beri Eron termasiga ustozlik qilib kelmoqda.

Amir Gʻalenoiy 1963-yilning 22-noyabr sanasida Eron mamlakati poytaxti Tehron shahrida tugʻilgan. U futbolchi sifatida 1981–1997-yillarda “Rah Ahan”, “Shahin”, “Istiqlol Tehron” va Qatarning “Al-Sadd” jamoalarida faoliyat olib borgan. Eron milliy terma jamoasida 20 dan ortiq oʻyinda maydonga tushgan.

Mutaxassis 1999-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan. Qizigʻi, u murabbiylik faoliyatini boshlagan yildan 1-yil oldin, ayni vaqtda Oʻzbekiston termasini boshqarayotgan Timur Kapadze futbolchilik faoliyatini boshlagan edi.

Gʻalenoiy murabbiy sifatida “Keshavarz”, “Bargʻ Tehron”, “Istiqlol Tehron”, “Mes Kerman”, “Sepaxon”, “Traktor”, “Zob Ahan”, “Gol Gohar” kabi klublarda ishlagan.

Amir Gʻalenoiy Eron milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida 53 ta oʻyin oʻtkazgan va ushbu bahslarning 37 tasi forslarning gʻalabasi bilan yakunlangan. 13 ta oʻyin durang natija qayd etilgan va atigi 3 ta oʻyinda jamoa magʻlubiyatga uchragan.

Amir Gʻalenoiy murabbiy sifatida 5 karra Eron Oliy ligasida, 2 karra “Hazfi kubogi” turnirida chempion boʻlgan. 5-marta Eronda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Soʻnggi vaqtlarda mahalliy jurnalistlar va muxlislar Eron futbol federatsiyasidan Amir Gʻalenoiyni isteʼfosini talab qilmoqda. Bu harakat 2024-yilgi Osiyo chempionatidan soʻng yanada kuchaydi.

Shuningdek, Eron milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashini birinchi oʻrin bilan yakunlagan boʻlsa-da, juda zaif oʻyin koʻrsatdi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasini magʻlub eta olmadi. Shimoliy Koreya va Qirgʻiz Respublikasi ustidan katta qiyinchiliklar bilan gʻalabaga erishdi.

Amir Gʻalenoiyning taktik qarashlari asosan realistik va pragmatik futbolga asoslangan boʻlib, raqibga qarshi oʻyinni oʻqish va natija uchun oʻynash ustuvor hisoblanadi. Gʻalenoiy jamoalari koʻpincha 4-2-3-1 yoki 4-1-4-1 tizimida oʻynaydi.

Markaziy yarim himoyada “double pivot” (ikki tayanch) qoʻllab, raqib pressingini sindirish va qarshi hujum uchun joy qoldirishga eʼtibor beradi.

Eron terma jamoasining tezkor qanotlari va kuchli markaziy hujumchilari (masalan, Mehdi Taremiy yoki Sardor Azmun) orqali keskin qarshi hujumlar tashkil qilinadi. Toʻpni egallash foizi kam boʻlishi mumkin, ammo samaradorlik yuqori boʻladi.

Futbolchilar

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻzagini tashkil etadigan futbolchilar — legionerlar hisoblanadi. Terma jamoamiz yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda toʻp surishmoqda.

Eronda ham terma jamoa yetakchilarining asosiy qismini legioner futbolchilar tashkil etishadi. Jamoa tarkibida Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Niderlandiya, Rossiya, Gretsiya kabi mamlakatlarda toʻp surayotgan futbolchilar bor.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov Angliya Premyer-ligasi 3-turidan oʻrin olgan “Brayton” – “Manchester Siti” oʻyinida jarohat oldi va ushbu musobaqada terma jamoaga yordam bera olmaydigan boʻldi. Shu bois endi Oʻzbekiston terma jamoasining ayni vaqtdagi eng qimmat futbolchisi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 8 million yevroga baholamoqda.

Eron milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi esa “Transfermarkt” portali maʼlumotlariga koʻra, Sardor Azmun hisoblanadi. Uning narxi 8 million yevroga baholangan. Biroq ushbu futbolchi turnirga kelgani yoʻq. Shu tariqa Eronning hozirgi tarkibidagi eng qimmat futbolchisi Mehdi Taremi. Gretsiyaning “Olimpiyakos” klubida faoliyat olib borayotgan ushbu futbolchi “Transfermarkt” portali tomonidan 3,5 million yevroga baholangan.

Oʻzaro oʻyinlar statistikasi

Oʻzaro oʻyinlar statistikasi esa ayni vaqtda Oʻzbekiston terma jamoasi muxlislarini yaxshigina xafa qiladigan holatda. Ushbu jamoalar shu vaqtga qadar, turli musobaqalar doirasida 16 bor toʻqnash kelgan va ushbu oʻyinlarning 10 tasida Eron milliy terma jamoasi gʻalaba qozongan. 5 ta oʻyinda, xususan jamoalarning soʻnggi 4 ta oʻyinida durang natija qayd etilgan. 1 tagina oʻyin Oʻzbekiston milliy terma jamoasining gʻalabasi bilan yakunlangan.

Jamoalar soʻnggi bor 2025-yilning 25-mart kuni Tehronda toʻqnash keldi. Ushbu oʻyin 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi va Eron milliy terma jamoasi Jahon chempionati masalasini ijobiy hal qildi.

Jamoalarning finaldagi imkoniyatlari

Ayni vaqtda har ikki jamoa teng holatda deyish mumkin. Har ikki jamoa tarkibida yoʻqotishlar bor. Jumladan, Eron termasiga musobaqada Said Izzatullohi, Mehdi Gʻayedi, Alirizo Beyranvand va Sardor Azmun kabi futbolchilar yordam bera olishmayapti.

Oʻzbekiston terma jamoasida esa Jaloliddin Masharipov, Rustam Ashurmatov, Abduqodir Husanov kabi futbolchilar jarohati tufayli musobaqa qaydnomasiga kiritilmadi.

Shunday ekan Eronning hujumida, Oʻzbekiston himoyasida muammolar bor. Oʻyin Toshkentda oʻtishi Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga ustunlik beradi. Timur Tohirovich jamoasi ushbu ustunlikdan foydalana oladimi yoki yoʻq? Bugun bilib olamiz.

Muhammadamin Zuhriddinov,

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер