Buyuk kelajakni birga quramiz

15:24 01 Aprel 2025 Jamiyat
65 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatining yuzga yaqin mahallalarida ana shu shior ostidagi doʻstlik bayramlari boʻlib oʻtdi. Oʻndan ziyod millat vakillari istiqomat qiluvchi bu manzillarda doʻstlik va millatlararo birdamlik ohanglari yangradi. Mehr-oqibat, ahillik, hamjihatlikni targʻib qiluvchi tadbirlarda har bir millatning urf-odati, anʼanalari, tarixi va madaniyati oʻz ifodasini topdi. Doshqozonda qaynagan sumalag-u damlangan palov bahona bir dasturxon atrofida jamlangan hamyurtlarimizning koʻnglida ham, tilida ham tinchlik-totuvlikka shukronalar bildirildi.

— Qoʻrgʻontepa tumanida boʻlib oʻtgan bayram tadbirlari oʻzbek va qirgʻiz millatlariga xos anʼanalarga asoslandi, — deydi viloyat Qirgʻiz milliy madaniy markazi rahbari Obidjon Nosirov. — Aytish joiz, Andijon viloyatining Xonobod, Qorasuv shaharlari, Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Xoʻjaobod, Buloqboshi va Marhamat tumanlarida qirgʻiz millatiga mansub yurtdoshlarimiz oʻzbeklar bilan bir oila aʼzolaridek ahil va inoqlikda istiqomat qilib kelmoqda. Milliy madaniyatimizni, tariximizni qadrlash, keyingi avlodga meros qoldirish maqsadida barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, 1996-yildan buyon Qirgʻiz milliy madaniy markazi faoliyat olib bormoqda. Viloyatdagi 21 ta maktabda farzandlarimiz oʻz ona tilida saboq olyapti Andijon davlat pedagogika institutida qirgʻiz tili filologiyasi va adabiyoti fakulteti tashkil etilgan. Bir soʻz bilan aytganda, viloyatimizda koʻplab millat vakillari emin-erkin yashab, mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshmoqda.

Xoʻjaobod tumanidagi “Ipak yoʻli” mahallasida 5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida oʻzbek, qirgʻiz, tojik, tatar millatiga mansub hamyurtlarimiz ham bor.

— Garchi, millatim tatar boʻlsam-da, oʻzimni oʻzbek xalqining vakili, deb bilaman, — deydi mehnat faxriysi Nuriya Ahrorova. — Boisi, shu yurtda tugʻildim, kamol topdim, bilim oldim, uzoq yillar davomida turli vazifalarda faoliyat yuritib, hozirda keksalik gashtini surmoqdaman. Mana shunday tinch-osuda mahallada mehri daryo qoʻshnilarim bilan yashayotganimdan faxrlanaman!

Besh yuz ming nafardan ziyod hamyurtlarimizni bir maskanda jamlagan bayram tadbirlari xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер