Buyuk Britaniyada saratonga qarshi yangi “qurol” yaratildi

Foto: Illustrativ
Buyuk Britaniyalik olimlar saraton kasalligiga qarshi kurashda immunoterapiya samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin boʻlgan yangi turdagi kuchli antitanalarni yaratishga muvaffaq boʻlishdi. Ushbu tadqiqot “Cancer Research UK” (Buyuk Britaniya Saraton Tadqiqot Jamgʻarmasi) tomonidan moliyalashtirildi va “Nature Communications” jurnalida chop etildi.
Maʼlum qilinishicha, Sautgempton universiteti tadqiqotchilari antitanalarning shakli va qattiqligini oʻzgartirish orqali ularni saraton hujayralariga qarshi immun tizimni kuchliroq safarbar etishga qodir boʻlishini aniqladi. Yangi yaratilgan antitana tabiiy antitanalarga qaraganda mustahkamroq boʻlib, dastlabki sinovlarda immunitetga juda kuchli taʼsir qildi.
Universitetning Saraton immunologiyasi markazi professori Mark Krag shunday deydi: “Immun tizimini ragʻbatlantirish orqali saratonni davolash gʻoyasi nihoyatda qiziqarli. Ushbu yondashuv turli immun retseptorlariga qaratilgan koʻplab antitanalar uchun ishlaydi. Bu kabi qattiq antitanalarni yaratish imkoniyati, immun tizimni saraton yoki boshqa kasalliklarga qarshi faollashtiruvchi kuchliroq dorilarni ishlab chiqishda yordam berishi mumkin”.
“Y” harfiga oʻxshash shaklga ega antitanalar bakteriya, virus yoki saraton hujayralari yuzasidagi molekulalarga birikish orqali infeksiyalarga qarshi kurashadi. Shuningdek, ular immun hujayralardagi retseptorlarga birikish orqali organizmning himoya tizimini faollashtirishga moslashtirilishi ham mumkin.
Antitananing “Y” shaklini hosil qiluvchi ikki “qoʻli” disulfid bogʻlar deb nomlanuvchi “koʻpriklar” orqali bogʻlangan. Sautgempton olimlari antitanalarning ushbu mikroskopik “qoʻllari” orasiga qoʻshimcha koʻpriklar qoʻshib, ularni oddiy namunalar bilan solishtirishdi.
Mazkur ilmiy yondashuv kelajakda nafaqat saraton, balki boshqa immun tizim bilan bogʻliq kasalliklarni davolashda ham muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Olimlar hozircha sinov bosqichida boʻlgan ushbu antitanalarni dorivor shaklda qoʻllash imkoniyatlarini ham oʻrganishni davom ettirishmoqda.
Anora Alimqulova,
OʻzJOKU talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring