Buyuk Britaniya Balfur deklaratsiyasidan 108-yil oʻtib Falastin davlatini tan oldi

Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlardan keyin, Buyuk Britaniya ham Falastin davlatchiligini rasman tan oldi. Bu qaror Gʻazodagi vayrongarchiliklar kuchaygan bir paytda eʼlon qilindi.
Bosh vazir Kir Starmer yakshanba kuni video bayonot orqali “Biz tinchlik va ikki davlat yechimi imkoniyatlarini saqlab qolish uchun harakat qilyapmiz”, — dedi. Uning soʻzlariga koʻra, agar Isroil Gʻazodagi urushi va bosqinlarni toʻxtatmasa, London oʻzining uzoq yillik yondashuvini oʻzgartirishini iyul oyidayoq bildirgan edi.
Soʻnggi haftalarda Gʻazodagi vaziyat keskin ogʻirlashdi. Isroil harbiylari shaharni muntazam vayron qilmoqda, aholini koʻchirish va ochlikda qoldirishda ayblanmoqda. Shu bilan birga, Gʻarbiy Sohilda ham harbiy reydlar kuchaymoqda.
Bu qadam Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi oldidan amalga oshirildi. Yigʻilishda Falastin suvereniteti masalasi asosiy mavzulardan biri boʻlishi kutilmoqda.
Tashqi ishlar vaziri Yvette Kuper:
“Falastin davlatini tan olish boʻyicha qabul qilingan bugungi qarorimiz ikki davlat yechimiga sodiqligimizni aks ettiradi va Falastin xalqining oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini tasdiqlaydi”, — dedi.
Biroq, Bosh vazir oʻrinbosari Devid Lammi bu qaror Falastin davlatini bir kechada vujudga keltirmasligini, balki tinchlik jarayonining bir qismi boʻlishini taʼkidladi.
Falastin maʼmuriyati tashqi ishlar vaziri Varsen Agʻabekyan Shahin esa tan olinishni “Falastin xalqining mustaqil va suveren davlat yaratish yoʻlida muhim voqea” sifatida baholadi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa bu qarorni keskin rad etdi:
“Iordan daryosining gʻarbida Falastin davlati qurilmaydi. Bu hech qachon sodir boʻlmaydi”, — dedi u.
Isroilning oʻta oʻng qanot vazirlari esa Netanyahuni Gʻarbiy Sohilni anneksiya qilishga chaqirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa Starmer bilan uchrashuvda Falastin davlatini tan olishga qarshi ekanini bildirdi va bu masala ikki davlat oʻrtasidagi “kelishmovchiliklardan biri” ekanini taʼkidladi.
Shu bilan birga, dunyo eʼtibori Nyu-Yorkda oʻtkazilayotgan Fransiya va Saudiya Arabistoni homiyligidagi sammitga qaratilmoqda. Sammitda Isroil va Falastin uchun ikki davlat yechimi masalasi muhokama qilinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring