Buvaydadagi oilalar innovatsion issiqxonalarda yil boʻyi qulupnay yetishtirishni yoʻlga qoʻydi
Buvayda tumanidagi “Tepalik” mahalla fuqarolar yigʻinida tomorqa mirishkorlari gidroponika usulida qulupnay yetishtirish orqali yilning toʻrt fasli davomida barqaror daromad olmoqda.
Ayni paytda Orifjon Sattorov xonadonida innovatsion usulda jihozlangan 5 sotix issiqxonada pishgan, serhosil qulupnay uzluksiz ravishda bozorga chiqarilmoqda. Bu yerda Janubiy Koreyaning “Qish ifori” navi parvarishlanmoqda. Mazkur nav sifati, uzoq masofaga tashish va saqlashga chidamliligi bilan alohida ajralib turadi.

Qulupnayning har bir kilosi erta bahor oylarida 350–400 ming soʻm, kuz-qish mavsumida esa 150–200 ming soʻm atrofida sotilmoqda. Shu tariqa tajribali oila tomorqadan yiliga oʻrtacha 250–300 million soʻmgacha daromad olish imkoniga ega.
— Yaqin istiqbolda qulupnay yetishtirishni mahallaning asosiy drayveriga aylantirish maqsad qilingan, — deydi “Tepalik” MFY hokim yordamchisi Asrorjon Yigitaliyev. — Shu bois ushbu oila tajribasi asosida mahallada yangi yoʻnalishni jadal rivojlantirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Mahallada yana ikki xonadonda innovatsion usulda qulupnay yetishtirish uchun issiqxonalar tashkil etildi. Endi Tepalik mahallasida qulupnayni yilning toʻrt faslida ham yetishtirishga erishilmoqda.

Umuman olganda, joriy yilda mahallada shunday tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 45 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish uchun 6 milliard 750 million soʻm imtiyozli kredit ajratish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar loyihalarning deyarli barchasi hayotga tatbiq etildi.
Hozirgi vaqtda mahalladagi 927 ta oilada 4 312 nafar aholi istiqomat qiladi. Dehqonchilik va chorvachilik Tepalik mahallasining asosiy drayver yoʻnalishi sifatida belgilangan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring