Butunjahon oziq-ovqat kuniga bagʻishlangan fototanlov gʻoliblari taqdirlandi

16:06 16 Oktyabr 2023 Jamiyat
658 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Maʼlumki, har yilning 16 oktyabr sanasi dunyo boʻyicha Butunjahon oziq-ovqat kuni deb belgilangan. Qolaversa, bundan 78 yil muqaddam ayni shu kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tashkil etilgan. Har yili Butunjahon oziq-ovqat kuni 150 dan ortiq mamlakatlarda nishonlanadi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti taqvimidagi eng mashhur va ahamiyatli xalqaro kunlardan biridir. Bu butun dunyo boʻylab ochlik va toʻyib ovqatlanmaslikka barham berish uchun nima qilish mumkinligi haqida qaror qabul qiladigan kun. 2023-yilgi Butunjahon oziq-ovqat kunining mavzusi — “Suv — bu hayot. Suv — bu oziq-ovqat. Hech kim eʼtibordan chetda qolmasin” deb nomlandi.

Muhim sana munosabati bilan FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻrtasida fototanlov tashkil etilgan boʻlib, yoshlar eʼtiborini oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda suv resurslaridan oqilona va barqaror foydalanishning muhimligiga qaratishga qaratilgan.

Tanlov shartlariga koʻra, ishtirokchilar oʻz ishlarida qishloq xoʻjaligida suvning rolini aks ettirishlari, suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarining ifloslanishiga qarshi kurashish muhimligini va boshqa muhim jihatlarni koʻrsatib oʻtishlari lozim edi. Respublikaning turli oliy oʻquv yurtlarida qishloq va suv xoʻjaligi, irrigatsiya, agrotexnologiya, veterinariya, oʻsimlikshunoslik va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar katta faollik koʻrsatdilar. Tanlov hakamlar hayʼati tarkibiga qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi nufuzli mutaxassislar, FAO mutaxassislari, taniqli fotosuratchilar kiritilgan.

Bugun Toshkent Davlat agrar universitetida Butunjahon oziq-ovqat kuniga bagʻishlangan fototanlov gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Ijodiy tanlov natijalariga koʻra eng yaxshi asarlar mualliflari aniqlanib, dastlabki uchta oʻrin gʻoliblari qimmatbaho sovgʻalar — noutbuk, planshet va smartfon bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari, bir qancha ishtirokchilar ragʻbatlantiruvchi mukofotlarga sazovor boʻlishdi.

“Yoshlarimiz, bugungi talabalarimiz, qishloq xoʻjaligini yanada barqaror rivojlantirish, sohani modernizatsiya qilish, iqtisodiyot va aholining doimiy oʻsib borayotgan ehtiyojlarini zarur hajmdagi suv resurslari bilan qondirish imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz suv xoʻjaligi salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshishlariga umid bildiramiz”, — dedi FAOning “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” loyihasi koordinatori Aziz Nurbekov.

Tadbirda taʼkidlanganidek, iqlim oʻzgarishi suv resurslariga boʻlgan talabni oshirmoqda. Shu bilan birga, soʻnggi oʻn yilliklarda sayyoramiz aholisiga toʻgʻri keladigan toza suv miqdori 20 foizga kamaydi. Barchamiz suvni, suvsiz ishlab chiqarilmaydigan oziq-ovqatni va oziq-ovqatsiz yashay olmaydigan sayyoramizni qadrlashimiz lozim. Har birimiz kundalik hayotimizda suvdan foydalanish, isteʼmol qilish va boshqarish usullarini oʻzgartirishimiz davr talabi boʻlib qolmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?