Buxoroning 91 yoshli gid-tarjimoni

Baxshulla Rustamov Buxoro shahrining Abdurauf Fitrat nomi bilan ataluvchi mahallasida istiqomat qiladi. 91 yoshda. Pedagog. Umrining 50-yilini shahardagi 6-umumtaʼlim maktabida oʻgʻil-qizlarga tarix fanidan saboq berish bilan oʻtkazgan.
Tabiatan tinib-tinchimas, izlanuvchan bu yurtdoshimiz bilimi, chuqur fikr-mushohada yurita olishi, qolaversa, piru badavlat inson ekanligi tufayli davralarning toʻrida. Baʼzan unga turistik firmalardan qoʻl telefoni orqali bogʻlanishadi. “Shahrimizga uch-toʻrt kishidan iborat kichik bir sayyohlar guruhi keldi. Ularga gid-tarjimonlik qilsangiz”, deya iltimos qilishadi.
— Bunday paytda “yoʻq” demoqni oʻzimga lozim koʻrmayman, — deydi Baxshulla ota. — Sayyohlarni shahrimiz boʻylab sayr qildiraman. Ularga har bir yodgorlik, uning meʼmoriy yechimi, mahalliy urf-odatlar, anʼanalar haqida batafsil tushuntirib beraman.
Baxshulla aka oʻzbek tilidan tashqari rus va tojik tillarida ravon gapiradi. Tarixchi boʻlgani bois, yurtimiz, xususan, Buxoro oʻtmishini yaxshi biladi. Har bir osori atiqa haqida shunday berilib soʻzlaydiki, uni tinglagan mehmonda yurtimiz toʻgʻrisida unutilmas xotiralar qoladi.
— Shukr, ustoz kunora mehmonlari bilan ustaxonamizga tashrif buyuradi, — deydi taniqli zardoʻz, Oʻzbekiston xalq ustasi Baxshulla Jumayev. — 70 yoshga kirgan boʻlsam-da bu murabbiy oldida oʻzimni yosh shogirddek his etaman. U kishi juda ibratli va serqirra hayot yoʻlini bosib oʻtgan. Shunday ulugʻ ustozlardan saboq olganimiz bilan hamisha faxrlanib yuramiz.
Darhaqiqat, Baxshulla Rustamovning hayoti yoshlarga ibrat. U turmush oʻrtogʻi, 87 yoshli Nazira Rustamova bilan 5 farzand, 15 nevarani oq yuvib, oq taragan. Bu tabarruk juftlikning 32 nafar chevarasi bor. Ular ham bobo-buvilari ortidan borib, el-yurt koriga yaraydigan kishilar boʻlib yetishadi, albatta.
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring