Buxorodagi ilk davlat kutubxonasi tashabbuskori kim edi?
Foto: Халқ сўзи
Jadidchilik harakati vakillari haqida soʻz borganida, albatta, uning ham nomi tilga olinadi. Maʼrifatparvar bu inson Fayzulla Xoʻjayev, Fitrat, Sadriddin Ayniy kabi yurt fidoyilari qatorida oʻzidan oʻlmas nom qoldirdi. Biz oʻlkashunos, qadimshunos, tarjimon, professor Muso Saidjonovni nazarda tutayapmiz.
— Muso Saidjonov Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat kutubxonasi va oʻlkashunoslik muzeyini tashkil etishda, ularni qadimiy madaniy-maʼrifiy manbalar - nodir qoʻlyozma asarlar, qimmatbaho bosma va litografik kitoblar, turli davrlarda yozilgan hujjatlar, vaqfnomalar, osori atiqalar bilan boyitishda jonbozlik koʻrsatgan, — deydi Buxoro davlat muzey- qoʻriqxonasi ilmiy xodimi Ahtam Ahmedov. — Kutubxona 1921-yilda ochilgan. Oʻshanda u 1187 nusxa kitob fondi va salkam 400 kitobxonga ega edi.
Bu maʼrifatparvar inson oʻz davrining zukko kitobxoni, bukinist kolleksioneri ham sanaladi. Uning juda boy shaxsiy kutubxonaga ega boʻlganligi shundan dalolat beradi .Qiziq, bu kitoblar taqdiri qanday kechgan?
— Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasi oʻtgan asrning 70 yillarida Muso Saidjonovning yaqin qarindoshlaridan ikki marta kitoblar sotib olgan, — davom etadi A. Ahmedov. — Bu kitoblar umumiy soni 45 ta boʻlib, 12 tasining birinchi sahifasida Muso Saidjonovning arab yozuvidagi muhri bosilgan. Tarix, madaniyat va sanʼat, turli fanlarga oid ilmiy-ommabop asarlar qatorida Abdulla Qodiriyning 1929-yilda chop etilgan “Mehrobdan chayon” romanini ham koʻrish mumkin. Olimning shaxsiy kutubxonasiga tegishli ayrim toshbosma kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivi, OʻzFA Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda.
Qatagʻon avjiga chiqqan yillarda, xalqimizning oʻnlab fidoyi farzandlari peshanasiga “Xalq dushmani” tamgʻasi bosilgan kezlarda qadimiy kitoblarni asrab-avaylashning oʻzi boʻlmagan. Ayrim ziyolilar ming bir xavotir bilan kitoblarni yerga koʻmishgan, suvi qurigan quduqlarda yashirishgan.
Fayzulla Xoʻjayev, Fitrat, Choʻlpon singari el-yurt fidoyilari maslakdoshi sifatida Muso Saidjonov ham qamoqqa olinadi. Shunda oilasidagilar tang vaziyatda qoladilar. Gap shundaki, bu inson el qatori kamtarona hayot kechirardi. Qoʻlida ortiqcha sarmoyasi yoʻq edi. Shu boisdan ham turmush oʻrtogʻi Rizvonxon aya tirikchilik vajidan bu kitoblarga xaridor izlashga majbur boʻladi.
Buxoro davlat universiteti oʻqituvchisi Aʼzam Boltayevning yozishicha, bu nodir kitoblarni xarid qilishga har kimning ham yuragi dov bermaydi.Ch unki boshiga “Xalq dushmani”ning kitoblarini sotib olibdi», degan kaltak tushishi mumkin edi.
— 1940-yili Tojikiston SSRdan Buxoroga ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida kelgan O. D. Chexovichni O. A. Suxareva Buxoro shahrining Arabon koʻchasiga olib borib, Muso Saidjonovning kutubxonasi va unda saqlanayotgan kitoblar kolleksiyasini koʻrsatadi, — deya yozadi tadqiqotchi. — Ushbu manbalar XV-XVIII asrlarga mansub boʻlgan nodir qoʻlyozma asarlar edi.
Chexovich shundan soʻng Dushanbe shahriga qaytib, ustozi, sharqshunos olim A. A. Semenovga bu kutubxona haqida soʻzlab beradi. Oʻz navbatida A. A. Semenov Toshkentga kelib, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyatiga murojaat qiladi. Pirovardida Akademiya Muso Saidjonovning shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarni sotib oladi. Bu asarlar hozir tariximiz, madaniy merosimizning ajralmas bir boʻlagi sifatida oʻrganilmoqda, asrab kelinmoqda.
Muso Saidjonovning oʻziga kelsak, uning taqdiri jadidchilik harakatining koʻplab vakillari qatori ayanchli kechdi. 1937-yilda u qatagʻon qurboni boʻldi. Ammo yaxshidan bogʻ qoladi, deganlaricha bor. Bu elparvar inson tashabbusi bilan tashkil etilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazi xalqimiz tafakkurini boyitishda bitmas-tuganmas chashma vazifasini oʻtab kelmoqda. Ziyo maskani oʻtgan yili tashkil topganining 100-yilligini nishonladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring