Buxorodagi 16 ta madaniy meros obyektini jozibador maskanga aylantirish uchun investorlar tomonidan qancha sarmoya kiritilmoqda?

15:14 12 Avgust 2020 Jamiyat
1923 0

Sir emas, issiq va sovuq iqlim sharoitlari, yogʻingarchiliklar, yerosti sizot suvlarining yuqoriga koʻtarilishi oqibatida qadimiy yodgorliklar asta-sekin yemiriladi. Asrlar osha davom etayotgan bu jarayon qadimiy imoratlarning poydevor, tom va devor qismlariga zarar yetkazmoqda. Bu esa oʻz navbatida tarixiy va moddiy ahamiyatga ega boʻlgan madaniy meros obyektlarining umumbashariy qiymatini saqlash, yemirilish holatlari oldini olish va ularning holatini yaxshilash uchun har yili katta miqdordagi moliyaviy resursni talab etiladi.

— Buxoroda texnogen jarayonlarda zarar koʻrgan, yemirilish holatlari mavjud boʻlgan madaniy meros obyektlari soni nisbatan koʻp, — deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sh. Mahmudov. — Shu sababli ular holatini qisqa va tez fursatda yaxshilash uchun moliyaviy mablagʻlarga ehtiyoj sezilmoqda.

Xoʻsh, vaziyatdan chiqish uchun nima qilish kerak? Boshqarma viloyat hokimligi bilan hamkorlikda 16 ta madaniy meros obyektining pasportini tayyorladi. Ularning tarixi, joylashuvi va tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga oid qulayliklari jamlangan maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritdi. Asosiy maqsad madaniy meros obyektlarini saqlash, tiklash va ulardan samarali foydalanishga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish edi, albatta.

Natijasi kutilganidek juda yaxshi boʻldi. Ayni paytgacha madaniy meros obyektlari butligini saqlash, ular holatini yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan 16 ta loyiha taqdim etildi. Mazkur loyihalar asosida yoʻnaltiriladigan investitsiya qiymati 65,6 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Shuning 43,7 milliard soʻmi tashabbuskorlar hisobidan, qolganini esa kreditlar tashkil etadi. Loyihalar roʻyobga chiqishi evaziga salkam 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yana bir muhim jihati, biz yuqorida taʼkidlagan sabablarga koʻra nurab, yemirilib borayotgan tarixiy obidalarning endilikda umriga umr qoʻshiladi. Aytmoqchi, Buxoro shahridagi «Gʻoziyon», “Turkman”, “Hotam Hindu”, «Domullo Tursunjon», «Hoʻja Qurbon», “Rahmonqul” madrasalari, “Karvon boshi”, «Baroyi Koʻhna», “Rashid” karvonsaroylari, «Magʻoki Koʻrpa», “Mirzo Usmon”, «Doʻstim Chorgʻosi», “Bozori Gul”, “Mir Ibrohim” masjidlari, “Mavlono Sharif” majmuasi va XIX-XX asrlarda qurilgan sobiq bolalar bogʻchasi binolarini restavratsiya qilish va ular negizida gilamchilik, kulolchilik, zardoʻzlik, zargarlik, ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligi, kandakorlik kabi hunarmandchilik markazlari, milliy uslubdagi mehmonxonalar va choyxona tashkil etish boʻyicha dastlabki loyihalar tayyorlanib, Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etildi.

Maʼlumot tariqasida aytish joizki, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga Buxoro viloyatidan jami 829 ta tarixiy yodgorlik kiritilgan.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер