Buxoroda Szyasin sanoat koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasining Szyasin shahri delegatsiyasi vakillari hamda ishbilarmonlari Buxoroda mehmon boʻlib turibdi. Bugun ular ishtirokida sanoat koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat hokimi B. Zaripov soʻz olib, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yoʻnalishiga aylanganiga eʼtiborni qaratdi.
Xitoy Oʻzbekistonning hayot sinovidan oʻtgan ishonchli hamkori sanaladi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar Buyuk ipak yoʻli tarixi bilan chambarchas bogʻliq. Bugungi kunda ham Oʻzbekiston–Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanib, doʻstlik hamda oʻzaro sheriklik aloqalari yuksak darajaga koʻtarilmoqda.
— Asosiy rivojlangan sohalarimiz – bu paxtani qayta ishlash, yengil va oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, neft-gaz sanoatlari hamda turizm hisoblanadi, — deydi viloyat hokimi B. Zaripov. — Hozirda Buxoroda 450 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona mavjud. Viloyatimiz tadbirkorlari va Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari hamkorligidagi 70 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Aytish joizki, Xitoy Xalq Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega boʻlgan 5 ta davlatdan biri sanaladi. Soʻnggi 8-yilda bu boradagi koʻrsatgich ikki barobarga oʻsdi.
— Hududimizda aholi tigʻiz yashaydi, — deydi Shofirkon tuman hokimining investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Azamat Rajabov. — Tumanimizda sanoatni rivojlantirish orqali bandlik masalasiga oqilona yechim topish, shuningdek, eksportbop mahsulotlar tayyorlash mumkin. Shu nuqtayi nazardan mazkur koʻrgazmaga katta qiziqish bilan qarayapmiz. Umuman, joriy yilda tumanimiz iqtisodiyotiga kiritiladigan xorijiy sarmoyaning salmoqli qismi xitoylik investorlar hissasiga toʻgʻri kelishi kutilmoqda. Tadbirkorlarimiz ular bilan hamkorlikda istiqbolli biznes loyihalarni amalga oshiradi.
Koʻrgazmada Xitoy Xalq Respublikasining 50 dan ziyod kompaniyasi oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Buxorolik ishbilarmonlar ularga energetika, toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, kimyo, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlik qilish taklifini bildirmoqda. Tadbir doirasida “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hamda Szyasin shahri Asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi oʻrtasida ikki tomonlama anglashuv memorandumini imzolash marosimi, shuningdek, tadbirkorlar va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida qoʻshma biznes uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring