Buxoroda qamoqxonadan qochish uchun 1,5 oy davomida hojatxona ostidan lahm kavlagan 4 mahbus qoʻlga tushdi
Buxoro viloyati IIB Jazoni ijro etish boshqarmasiga qarashli 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan yoshlar bilan til biriktirib, qochishga uringan oʻta xavfli retsidivist-mahkumga yana hukm oʻqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari boʻyicha Romitan tuman sudi raisi Ulugʻbek Bozorov maʼlum qildi, deb yozadi Daryo.uz.
2008-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismi, “v” bandi, 169-moddasi (Oʻgʻrilik) 3-qismi, “a” bandi, 4-qismi “v” bandi va boshqa qator moddalar bilan ayblanib, 59-modda 8-qismi qoʻllanilib, jami 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi boʻyicha sudlangan fargʻonalik Otabek Saidov qamoqxonada ham jinoyat sodir etdi.
2018-yil 21-noyabr kuni Otabek Saidov jazoni ijro etish koloniyasida muddatini oʻtayotgan 1990-yilda tugʻilgan Roʻzimatjon Dadaboyev, 1992-yilda tugʻilgan Otabek Joʻmartov, va 1997-yilda tugʻilgan Azizbek Mahkamovni fikrini buzib, ularni aldov yoʻli bilan ozodlikka chiqishga undab, mazkur muassasa hududidan qochib ketishni rejalashtirgan. Oʻz rejalariga koʻra, muassasa atrofini oʻrab turgan devor yaqinida joylashgan mahkumlar uchun moʻljallangan hojatxona ostidan lahim qazish orqali muassasa tashqarisiga chiqib qochishni moʻljallashgan.
Otabek Joʻmartov, Roʻzimatjon Dadaboyev va Azizbek Mahkamovlar hojatxona ichki qismidagi oxirgi oʻrindiq joyining beton qismini sindirish orqali yertoʻlaga tushish uchun maxsus joy tayyorlagan. Maxsus lahim qazish uchun kerak boʻladigan belkurak, bolgʻa, chelak, temir boʻlaklari singari anjomlarni hojatxonaga olib kelib qoʻygan.
2018-yil dekabr oyidan boshlab, asta-sekinlik bilan hojatxona yon devori beton qismini sindirish orqali maxsus teshik hosil qilgan. Undan hojatxona ostki yoʻliga tushib, 1,0x1,30 metr hajm kattalikdagi qismini sindirib, belkurak yordamida yana lahim qazishda davom etgan. Keyinchalik kunning maʼlum bir qismida muassasa qoʻriqchilariga sezdirmasdan jinoiy guruh aʼzolari navbat bilan lahim qazib borishga oʻzaro kelishib olgan. Biroq jinoiy harakatlarini oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holda oxiriga yetkaza olishmagan. 2019-yil 1-yanvar kuni soat taxminan 15:00 larda jinoiy guruh aʼzolari muassasa xodimlari tomonidan jinoyat ustida qoʻlga olingan.
7-iyun kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Romitan tuman sudi tomonidan mahkumlar tomonidan sodir etilgan jinoyatga yana hukm oʻqilgan. Hukmga koʻra, Otabek Saidovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 25-, 222-moddasi (Qamoqdan yoki qoʻriqlov ostidagi saqlash joyidan qochish) 2-qismi “v” bandi bilan aybli, deb topilgan. Oʻta xavfli retsidivistga JKning 34-, 60-moddasiga asosan 16 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilgan.
Roʻzimatjon Dadaboyev hamda Azizbek Mahkamov Oʻzbekiston Respublikasi JKning 25-, 222-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 60-moddasiga asosan, har biri 8 yil 2 oy muddatga, Otabek Joʻmartovga esa 12 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- “Oʻzbekiston – dunyoga hali ochilmagan ilm xazinasi” — Xalqaro avtomobil federatsiyasi Prezidenti
- Ona tili va adabiyot fanidan mustaqil oʻqish uchun tavsiya etilgan badiiy asarlar roʻyxati eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring