Buxoroda pillani qayta ishlash orqali 12 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot xorijga eksport qilinadi

11:59 29 May 2025 Jamiyat
54 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxorolik pillakorlar koʻp yillik anʼanani davom ettirib, soʻz va ish birligini taʼminladi. Ular 3 ming 186 tonna pilla topshirib, belgilangan rejani respublikada peshqadamlar qatorida bajarishdi. Har qanday muvaffaqiyat iqtisodiy jihati bilan ahamiyatli. Mavsumda avvalo, 110 mingga yaqin aholining bandligi taʼminlandi. Oilaviy zveno va kasanachilar jami 130 milliard soʻmdan ziyod daromad koʻrdi. Ular orasida Vobkent tumani Rozmoz qishlogʻida yashovchi Zebiniso Norova ham bor.

— Bu yutuqqa hissa qoʻshganimizdan juda xursandmiz, — deydi u. — Olti quti ipak qurti parvarish qildik. Mavsum nari borsa bir oydan oshiq davom etadi. Lekin mehnati yilga tatiydi. Oʻn nafardan ziyod kishi hamjihatlikda ishlab, moʻl pilla xom ashyosi yetishtirdik. Shukr, kam boʻlganimiz yoʻq. Rejadan ortiqcha yetishtirilgan har kilogramm pillaga 50 ming soʻmdan berilgani ham ayni muddao.

Viloyat pillakorlari erishgan muvaffaqiyat zamirida koʻp yillik tajribaga tayanilgani, beshta pillachilik klasteri tashkil etilgani, tutzorlar kengaytirilgani, mavsumning risoladagidek kechishi uchun zarur vositalar, asbob-uskunalar taʼminoti yoʻlga qoʻyilgani yotibdi. Peshqadam zvenolarda har quti ipak qurtidan 85 kilogrammgacha pilla yetishtirilgani ham eʼtiborga molik.

Xullas, mehnatdan koʻngil toʻldi. Endi navbat “kumush tola” deya eʼzozlanadigan xom ashyoni qayta ishlashga. Bu boradagi rejalar ham umidbaxsh. Viloyatda pillani qayta ishlash asnosida qiymati 12 million AQSH dollariga teng mahsulotni xorijga eksport qilish moʻljallanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер