Buxoroda yirik loyiha yakunlandi. U haqda nimalar maʼlum?

18:41 13 Oktyabr 2024 Jamiyat
924 0

Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Global ekologik jamgʻarma (GEF) tomonidan amalga oshirilgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyihaning yakunlovchi seminari Buxoroda tashkil etilib, unda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti vakillari va oltita ishtirokchi davlatning texnik ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralari vakillari qatnashdilar. Seminar doirasidagi asosiy sessiyalar loyihaning asosiy natijalari, uning yer va suv resurslarini boshqarishga taʼsirini baholash va erishilgan natijalarni kengaytirish orqali qurgʻoqchilik, yer degradatsiyasi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq xatarlarni bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlariga bagʻishlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global ekologik jamgʻarma (GEF) bilan hamkorlikda 2018-yilda boshlangan CACILM-2 loyihasi Markaziy Osiyo va Turkiyada iqlim oʻzgarishi hamda yer degradatsiyasi oqibatlarini yumshatish, qishloq xoʻjaligi amaliyotlari va yerlarni boshqarishning samarali strategiyalarini joriy etishga qaratilgan. Loyiha qurgʻoqchilik va yerlarning shoʻrlanishidan eng koʻp zarar koʻrgan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi davlatlarga koʻmak berdi.

“Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari loyihani amalga oshirish uchun tanlab olingan hududlar edi. Aynan tuproq degradatsiyasi va qurgʻoqchilikka uchragan yerlar bilan bogʻliq muammolarning yechimini topish boʻyicha izlanishlar amalga oshirildi. Erishilgan natijalarga toʻxtalsak, loyiha doirasida hamkor tashkilotlarga zarur asbob-uskunalar yetkazib berildi, yerga ishlov bermasdan turib qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish usuli qoʻllanildi. Mazkur usul bugungi kundagi iqlim oʻzgarishini oldini olishga qaratilgan yangi texnologiya hisoblanadi. Qolaversa, mutaxassislar tomonidan fermerlarga qurgʻoqchil va shoʻrlangan yerlarda oʻsadigan va hosildorligi yuqori boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilib, amaliyotda koʻrsatib berildi”-deb taʼkidladi BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov.

Taʼkidlash joizki, mintaqadagi aholi sonining oʻsish surʼatlari va iqlim oʻzgarishi kabi omillar sababli Markaziy Osiyo mamlakatlari suv resurslarining qisqarishi, yaylovlarning choʻllanishi va ekin maydonlarining eroziyasi kabi jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Soʻnggi 30-yil davomida ushbu mamlakatlarda qishloq xoʻjaligi mahsuldorligi sezilarli darajada pasayib, ayrim ekinlar hosildorligi 30% gacha kamaygan. Natijada oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq xatar yanada oshib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun qiyinchilik keltirgan.

“Tashabbus doirasida takomillashtirilgan sugʻorish usullari va qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshiruvchi texnologiyalar yoʻlga qoʻyilib, mintaqada barqaror yer va suv resurslari boshqaruvi hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish usullari joriy etildi. Zero, suv resurslarini tejash bugungi kunda mintaqada eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Maqsadimiz tabiatga zarar yetkazmagan kelgusi avlodlar uchun suv va yer resurslarini, bioxilma-xillikni saqlab qolgan holda hozirgi avlod talab va ehtiyojlarini qondirishdir”, deya qayd etdi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar loyiha doirasida barqaror qishloq xoʻjaligi texnologiyalari qoʻllanilishining amaliy natijalarini koʻzdan kechirishdi. Ular, xususan, hozirda “no-till” texnologiyasini muvaffaqiyatli tarzda qoʻllab, yuqori hosil olib kelayotgan fermer Fahriddin Zaripov rahbarligidagi “Zarif ota” fermer xoʻjaligiga tashrif buyurishdi.

Loyiha natijalari Markaziy Osiyo qishloq xoʻjaligi landshaftlarining iqlim oʻzgarishiga bardoshliligini oshirish hamda FAOning strategik maqsadlari, xususan, ocharchilikka barham berish, qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish kabi pirovard maqsadlari bilan chambarchas bogʻliqdir.

CACILM-2 loyihasi Markaziy Osiyo va Turkiyada yer degradatsiyasi muammolari bilan kurash va barqaror rivojlanishga koʻmaklashish boʻyicha kelgusi mintaqaviy hamkorlikka mustahkam zamin yaratdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер