Buxoroda an’anaviy qovun sayli boshlandi

13:17 05 Avgust 2023 Jamiyat
1062 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Buxoroda ayni poliz mahsulotlari gʻarq pishgan paytda qovun saylini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, bu tadbir 1996-yildan buyon tashkil etib kelinmoqda. Bu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad vohaning necha ming yillik tarixga ega qovunchilik anʼanasini yangi bosqichga olib chiqish, bu poliz ekinining unutilib borayotgan navlarini tiklash, yangilarini yaratish, qolaversa, sayyohlarga qadimiy kentning gastronomik imkoniyatlarini koʻrsatishga qaratilgandir.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Koʻhna va boqiy Buxoro” madaniy markazi hududida tashkil etilgan tadbirda har bir tuman oʻz pavilyoni bilan ishtirok qilmoqda. Saylda serquyosh zaminimizda yetishtirilgan ming tonnadan ziyod qovun va tarvuz, meva-sabzavot, shuningdek, asalarichilik mahsulotlari savdoga qoʻyilgan. Mahsulotlar nisbatan arzonligi bilan xaridorlarga maʼqul tushyapti. El dasturxoniga shunday sarxil noz-neʼmatlarni tortiq qilib, oʻz mehnati mahsulini koʻrayotgan dehqonlar ham juda mamnun.

— Buxoro tumanidagi Hasanato qishlogʻidanmiz,— deydi oʻzini Barno Gadoyev deya tanishtirgan fermer.— Saylga qovunning obinovvot, “chempion” navlari hosilidan olib keldik. Xoʻjaligimiz paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan. Shunday boʻlsada, qovunchilik sohasida ham tajribamizni sinab koʻryapmiz. Bilyapmizki, iqlim oʻzgarishi poliz mahsulotlari yetishtirishda murakkabliklarni keltirib chiqaryapti. Ekinga zararli hasharotlar ziyon yetkazmoqda. Bu poliz mahsulotlari yetishtirishga puxta ilmiy yondashuvlar taqozo etilyapti.

Fermerning aytganicha bor. Buxoroda keyingi yillarda ochiq dalada poliz, shuningdek, pomidor va bodring yetishtirish qiyinlashib bormoqda. Zararli hasharotlar hosildorlikka putur yetkazyapti. Bugun Buxoro bozorlari peshtaxtalari Jizzax, Qashqadaryo viloyatlari va hatto Qoraqalpogʻiston Respublikasidan keltirilayotgan qovun-tarvuzlar hisobiga toʻkin ekanligi ham ayni haqiqat. Binobarin, ekinlarning tashqi taʼsirlarga chidamli navlarini yaratish, ularni zararkunandalardan ishonchli himoyalash dolzarb masalaga aylanyapti. Seleksionerlar, olimlar, soha mutaxassislari eʼtiborini shular yechimiga qaratish foydadan xoli emas. Ana shundagina qovun saylidan koʻzlangan asosiy maqsadga yetish mumkin.

Tadbirga toʻxtaladigan boʻlsak, u uch kun davom etadi. Sayl yakunida qovunchilikni rivojlantirishda kuch-gʻayrati, bilimini ayamayotgan usta dehqonlarning viloyat hokimligi tomonidan taqdirlanishi kutilmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер