Buxoroda anʼanaviy “Ipak va ziravorlar” festivali boshlandi

14:02 28 May 2021 Jamiyat
8799 0

Koʻhna Buxoro bayramona qiyofaga kirdi. Qadimiy shaharda “Ipak va ziravorlar” anʼanaviy festivali boshlandi. Ark qalʼasidan to soʻlim Labihovuzgacha boʻlgan hudud ipak matolarga burkandi. Havoda ziravorlarning xushboʻy hidi anqimoqda. Ertaknamo shaharning bagʻri uzoq- yaqindan kelgan sayyohu hunarmandlar bilan toʻlmoqda.

— Moskva shahrida yashayman, — deydi oʻzini Yelena Vodinskaya deb tanishtirgan mehmonlardan biri. — Buxoroda boʻlishni ancha yildan buyon orzu qilardim. Niyatimga yetdim. Festivalni aytmaysizmi? Sharqona liboslar, milliy anʼanalar, sayllar menda unutilmas taassurot qoldiryapti.

Taʼkidlaganimizdek, festivalga turli goʻshalardan koʻplab hunarmandlar tashrif buyurishgan. Ular uchun bu tadbir oʻziga xos tajriba maktabi vazifasini ham oʻtayapti. Chunki ana shunday anjumanlarda kasb mahorati koʻzga yaqqol tashlanadi, bozordagi talab oʻrganiladi, zarur saboqlar chiqariladi.

— Ushbu festivalga toʻrtinchi bor kelishim, — deydi margʻilonlik hunarmand Shohista Ahmedova. — Bu tadbir biz uchun har tomonlama foydali. Avvalo, xaridor koʻp. Qolaversa, festival talab va ehtiyojni aniqlab olishimizda qoʻl keladi. Hamkasblarimiz bilan oʻzaro tajriba almashamiz. Yetti yildirki, adras toʻqish bilan shugʻullanamiz. Seximizda 20 nafar kishi mehnat qilmoqda. Adraslarimizning 80 xili bor. Ularning eng saralarini mazkur festivalga olib keldik.

Viloyat va shahar hokimligi bir qator manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazayotgan festival dasturidan koʻplab tadbirlar oʻrin olgan. Hunarmandchilikning oʻndan ziyod turi boʻyicha tashkil etiladigan mahorat saboqlari, folklor dastalarining chiqishlari, osh sayli, milliy oʻyinlar, ipak matolardan tayyorlangan liboslar namoyishi shular jumlasidan.

Koʻhna shaharda oʻn toʻqqizinchi bor oʻtkazilayotgan “Ipak va ziravorlar” festivalining asosiy tadbirlari 29 va 30-may kunlariga moʻljallangan. Anjumanning oʻziga xos brendiga aylangan “Moʻjizalar karvoni” tantanali yurishi ertaga qadimiy Ark qoʻrgʻonidan boshlanadi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер