Buxoro bugʻularining Qoraqalpogʻistondagi “uyi” haqida bilasizmi?

20:14 05 Iyun 2024 Jamiyat
294 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy va Amudaryo tumanlarida joylashgan “Baday toʻqay” nomi bilan mashhur boʻlgan hudud Markaziy Osiyo toʻqaylarining 20 foizi, Oʻzbekistondagi barcha toʻqayzorlarning 74 foizini tashkil etadi. Maʼlumotlarga koʻra, hududda 419 ta oʻsimlik, 36 tur sut emizuvchi, 246 tur qushlar, 29 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 43 tur baliqlar sinfiga mansub hayvonlar uchrashi qayd etilgan.

Mazkur turlardan 36 tur hayvon Oʻzbekiston Respublikasining “Qizil Kitobi”ga, 18 tur esa Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi Qizil roʻyxatiga kiritilgan noyob hayvonlardir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzurida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Amudaryo deltasida tabiiy toʻqay resurslarini muhofaza qilish, qayta tiklash va ulardan barqaror foydalanishni taʼminlash maqsadida Baday-toʻqay davlat qoʻriqxonasi tugatilib, unga tegishli boʻlgan 6462,1 gektar yer maydonlari Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga oʻtkazildi. Shuningdek, hududdagi zaxira va boshqa fondlar hisobidagi yer maydonlari qoʻshilib jami 11568,3 gektar yer maydonlari Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining qoʻriqxona zonasi uchun doimiy foydalanish uchun berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi asosan Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tasarrufidan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkazildi.

— Qoʻriqxona zonasi jami 11568,3 gektar boʻlib, u qatʼiy rejimda muhofaza etiladigan hudud hisoblanadi, — deydi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati direktori Inomjon Abduxalikov. — Biosfera rezervati landshaftlarni, toʻqaylardagi oʻsimlik va hayvonot dunyosi turlarini, shu jumladan, kam uchraydigan va yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi turlarni saqlab qolish, ekologik holatni yaxshilash kabi bir qator muhim vazifalarni amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlar va monitoring olib borish uchun moʻljallangan. Qoʻriqxona hududida, qonun hujjatlariga muvofiq davlat qoʻriqxonalari rejimi oʻrnatilgan. Hozirgi kunda biosfera rezervatida jami 32 ta xodim ish olib bormoqda. Shundan ilmiy-ishlar boʻlimida 8 nafar, boshqaruv va texnik xodimlar 13 nafarni hamda nozirlar 11 nafardan iborat boʻlib, qoʻriqxona hududini muhofazasini tashkil qilish majburiyati yuklatilgan. Ushbu qoʻriqxona hududida nozirlar va ilmiy xodimlarga 3 ta oʻrmon uyi, 3 ta yozgi shiypon qurilgan. Shuningdek, nozirlar 10 ta ishchi oti va boshqa ish qurollari hamda maxsus kiyim-boshlar bilan taʼminlangan.

Amudaryo daryosining keyingi 30-yildan ortiq davr mobaynida gidrologik suv rejimining buzilishi, daryo suv hajmining tez surʼatlar bilan qisqarishi natijasida toʻqayzorlarni tabiiy suv bosishi kamaydi. Koʻp yillik qurgʻoqchilik, suvsizlik oqibatida oʻrmon yerlarida tuproq yuzasida tuz qoplami paydo boʻlishi natijasida shoʻrlanishning kuchayishi kabi degradatsiya holatlarining yuzaga kelishiga olib kelmoqda. 2015—2021-yillarda Amudaryoda suv hajmining kamayishi natijasida yuzaga kelgan suv tanqisligi holati va “Sauqimyargʻan” kanalidan suv kelishining umuman toʻxtadi. Asosiy toʻqay daraxtlari boʻlgan toʻrongʻil, jiyda, chigʻir tollar har xil kasalliklar va suvsizlik natijasida nobud boʻla boshlagan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-76-son qarori bilan tasdiqlangan “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “YOʻL XARITASI”da Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bugʻulari uchun yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha alohida vazifa belgilandi. Shunga koʻra, Biosfera rezervatining “Baday toʻqay” boʻlimi hududidagi daraxtlarni qurib qolishdan saqlash uchun 2.8 kilometr yangidan kanal barpo qilindi. Amudaryo daryosidan suv olish nuqtasiga yangidan oʻrnatiladigan nasos stansiyasigacha 10 kilometr masofaga tayanch ustunlari oʻrnatilib, elektr uzatish liniyasi tortildi. Amudaryo daryosidan suv chiqarish uchun SNPE-500/10 elektr nasosini oʻrnatildi. Hududni suv bilan taʼminlovchi “Sauqimyargan” kanalining 9.3 kilometr qismida rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Albatta, bu tadbirlar Buxoro bugʻularining Qoraqalpogʻistondagi “uyi” hisoblangan biosfera rezervatida ularning yashashi va koʻpayishi uchun qulay sharoit yaratishi shubhasizdir.

Biosfera rezervatining asosiy hayvoni, bu Buxoro bugʻusi hisoblanadi. 2024-yil bahorgi monitoring ishlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil Kitob”iga kiritilgan Buxoro bugʻulari soni 1566 donani tashkil qildi. Yuzaga kelgan suvsizlik sababli bu turning asosiy ozuqa oʻsimliklari yetishmasligi va shuning hisobidan hududdan tashqariga chiqib ketish holatlari tez-tez uchramoqda. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bu kabi holatlarni bartaraf qilish uchun amaliy chora tadbirlar koʻrilmoqda, albatta. Bugungi kunda bugʻularning yovvoyi holda yashab kelayotgan hududlariga hamda daraxtlar va boshqa oʻsimliklar uchun nasos agregatlari orqali suv yetkazilmoqda.

Suv — tabiatning bebaho neʼmati, hayot-manbai, umuman tiriklikning asosiy omilidir. Biosfera rezervati hududiga suvning yetkazilishi ham hududdagi hayvonot va nabotot olamini asrashga qaratilgan muhim tadbirlardan sanaladi.

Eʼtiborlisi, bugungi kunda ushbu hududda jerde ekoturizmni rivojlantirish borasida ham keng koʻlamli ishlar boshlangan. Sayyohlarning ushbu maskandagi jonli tabiatga qiziqishi yuqoriligi keyingi paytlarda tashrif buyuruvchi turistlar soni ortib borayotganidan ayondir.

Hozirgi vaqtda hududda muzey va Biosfera rezervatining maʼmuriy binosi uchun yangi inshootlar barpo etilmoqda. Ishonchimiz komilki, yaqin kelajakda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati hududida oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash bilan birga ekoturizmni rivojlantiradigan, koʻplab tashqi va ichki sayyohlarni oʻziga maftun qiladigan maskanga aylanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?