Buxoro amirining bir haftalik farmoni

10:44 29 May 2024 Madaniyat
1279 0

Buxoro amiri Said Olimxon 1917-yil 7-aprelda mamlakatda islohotlar oʻtkazishga yoʻnaltirilgan farmonini imzolaydi. Ammo bu farmon negadir roppa-rosa bir haftadan keyin, yaʼni 14-aprelda amirning oʻzi tomonidan bekor qilinadi.

Oxirgi Buxoro amiri Said Olimxon hamda oʻsha paytda faoliyat olib borgan islohotchi bobolarimiz haqida soʻz ketganda, amirni qora boʻyoqlarda, islohchilarni esa oppoq ranglarda tasvirlashga odatlanib qolganmiz. Ammo donishmand tarix bunday qarashni, bunday yondashuvni rad etadi. Tarix hech nimani yashirmas, borini boricha soʻzlaydi. Amir Olimxonning bir haftalik farmoni misolida bunga yana bir bor iqror boʻlasan, kishi.

Maʼlumotlar tahlil qilinsa, Amir Olimxon sovet davrida talqin qilinganidek maishatparast, qoʻrqoq, xudbin emas, balki qaysidir maʼnoda xalq holiga befarq boʻlmagan hukmdor sifatida gavdalanadi. Albatta, bu oʻrinda amirni kamchilikdan holi shaxs sifatida tasvirlashdan yiroqmiz. Amir Olimxon qahramon emas edi, ammo bu shaxsni xoin deb ham boʻlmaydi.

Mahmud Hamrayevning “Amir Olimxon shaxsiyatiga nazar” maqolasidan.

Tarixchilarning yozishicha, 1917-yil 7-aprelda Amir Olimxon davlatda islohot oʻtkazish toʻgʻrisida farmonni imzolagan. Bu hujjat saroyda 200 ga yaqin amaldor va diniy ulamolarga oʻqib eshittiriladi. Bu din peshvolari tomonidan shariat qonunlarining buzilishi sifatida talqin qilinishiga qaramasdan farmon qabul qilinadi.

Shu tariqa hammasi yaxshi ketayotgan edi. Kutilmaganda birdan vaziyat oʻzgarib ketdi…

Shu oʻrinda mazkur farmonning mazmun-mohiyati xususida toʻxtab oʻtish zarur.

Farmondan amirlikda soliq ishini tartibga solish, sanoat va savdoni rivojlantirish, amaldorlarni nazorat ostiga olish va ularga aniq miqdorda maosh tayinlash, nochor odamlarga gʻamxoʻrlik qilish uchun maxsus komissiya tuzish, bosma matbuotga erk berish, zindondagi erkin fikrli insonlarning barchasini ozod qilish, maorif va fan-texnikani rivojlantirish, dunyoviy fanlarni oʻqitish bilan bogʻliq bandlar oʻrin egallagan.

Judayam ajoyib farmon, deysiz. Ammo nimagadir ana shu farmon roppa-rosa bir haftadan keyin shaxsan amirning oʻzi tomonidan bekor qilindi ekan. Bunda xurofotchi dindorlar, maishatparast beklar taʼsiri katta boʻlgan. Kamiga, “Yosh buxoroliklar” ham farmonning bekor qilinishiga koʻmaklashib yuboradi. Yaʼni ular hujjatda barcha talabimiz oʻz ifodasini topmabdi-ku, deb norozilik bildiradi. Keyin amirning esini kiritib qoʻyish maqsadida odamlarni toʻplab koʻchalarga chiqishadi.

Voqealar davomi esa maʼlum. Ikki oʻrtada qattiq toʻnashuv boʻladi hamda isyonchilar tarqatib yuboriladi va boshliqlari zindonlarga tashlanadi.

Ming afsuski, bir haftalik farmon voqeasi shu bilan yakun topmadi. Amirdan gʻazablangan va uning taʼqibidan omon qolgan bir nechta istiqlolchi Buxoro zaminida boʻlayotgan voqealarni sergakli bilan kuzatib turgan Rossiyaga koʻmak soʻrab boradi. Bu bosqinchining ayni dilidagi gap edi. Ular zudlik bilan harakatni boshlaydi. Bunday qulay vaziyatni qoʻldan chiqarib boʻlarmidi, axir! Yoʻq, albatta!

1917-yil fevral inqilobidan soʻng bolsheviklar yomon niyatda boʻlgan ilk qadamlarini targʻibot va tashviqot yoʻllari bilan boshlab yubordilar. Ichkaridagi mojaroparast unsurlar bilan hangoma talab unsurlar bir-biri bilan til biriktirib, bolsheviklar bilan hamkorlik qildi. Ular hukumat uchun koʻp qiyinchiliklar tugʻdirdi. 1920-yil 5-sentyabrda Buxoroyi sharif bolshevik askarlari qoʻliga tushdi.

Said Olimxonning “Buxoro xalqining hasrati tarixi” kitobidan.

Gapning ochigʻini, amirning mazkur farmoni bir haftalik emas, balki asrlarga tatiydigan boʻlib chiqdi. Negaki, ushbu farmondan keyin boshlangan oʻzaro nizolar sababli Buxoro amirligi shonsiz quladi va qizillar oyoqlari ostida toptaldi.

Qamal vaqtida 3000 ga yaqin hovli, 3000 dan ortiq doʻkon, 20 ta saroy, 29 masjid, 34 gumbaz yonib xarob boʻlgan. Shahar qariyb 20 kun olov kabi yonib turgan. Buxoroning shu darajada xarob boʻlganini hech bir tarix koʻrmagan edi. Buxoroliklar bu kunlarni “kichik qiyomat” deb aytishdi.

Muhammad Ali Baljuvoniyning “Tarixi nafoe” asaridan.

Bek va amaldorlar, xurofot botqogʻiga botgan dindorlar amirimizning mazkur farmoni bejiz chiqarilmagan boʻlsa kerak, deb mulohaza yuritishlari kerakmasmidi?

Amir oʻzini hukmdordek tutib, aytganini oʻtkazishi, hozirgi ibora bilan aytganda, qatʼiy siyosiy irodasini koʻrsatishi kerakmasmidi?..

Xoʻp, mayli, amirni, bek va ulamolarni, baʼzi tarixchilar aytganidek, zamondan orqada qolgan, hech baloning faxmigayam bormaydigan kimsalar edi, deylik. Ammo oʻzlarini islohotchi, deb atagan istiqlolchilarimizni nima jin urdimi. Sekin-sekin egilib kelayotgan amir bilan murosa qilsa boʻlar edi-ku. Buyam yetmagandek, oʻz uyingda boʻlib turgan nizoni hal etish uchun yiqilishingni kutib turgan bosqinchi eshigiga bosh urib borish shartmidi?..

Tarixning achchiq haqiqati barchamizga saboq boʻlmogʻi darkor!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер