Bugungi kun oʻqituvchisi qanday boʻlishi kerak?

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kun oʻqituvchisi oʻquvchiga faqatgina bilim beruvchi shaxs emas, balki yosh avlodni hayotga tayyorlovchi murabbiy, ruhlantiruvchi va innovatsion texnologiyalarni oʻzlashtirgan mutaxassis boʻlishi kerak. Bunda albatta, uzluksiz kasbiy rivojlanish muhim ahamiyatga ega.U bevosita taʼlim sifatiga katta taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda yurtimizda oʻqituvchilarning malakasini va kasbiy mahoratini zamonaviy taʼlim texnologiyalariga mos ravishda oshirib borishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash oʻrinlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” qarori asosida 2025-yil yanvar oyidan boshlab, Sirdaryo viloyati umumtaʼlim maktablarining 13 ming 400 nafar oʻqituvchisi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 3000 mingga yaqin tarbiyachisi, mutaxassisi uchun hududiy pedagogik mahorat markazida malaka oshirishning yangi tizimi tashkil etildi. Mazkur qaror asosida, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari pedagoglari hududiy pedagogik mahorat markazlarida 5-yilda bir marotaba 100 soatlik kasbiy rivojlanish kurslarida taʼlim olish hamda tuman, shaharlardagi belgilangan tayanch maktablarida haftada bir marotaba “Kasbiy rivojlanish kuni”, “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida mahoratlarini oshirib, yangi metodlarni oʻrganish imkoniyatlariga ega boʻlishdi. Har bir tarbiyachi va pedagog uzluksiz tarzda 5-yil mobaynida 460 soat uzluksiz kasbiy rivojlanish va oʻz ustilarida ishlashi natijasida oʻquvchilarga zamonaviy yondashuvlar asosida taʼlim berish imkoniyatlari yaratildi.
Hududiy markazda tashkil etilgan 100 soatlik oʻquv kurslarini tamomlagan tinglovchilar kurs yakunida oʻrgangan bilimlari asosida jamoaviy yoki yakka tartibda oʻzlarining tanlovlariga koʻra mikro dars yoki loyiha ishlari topshiriqlarini bajaradi hamda test sinovlaridan oʻtadi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hududiy pedagogik mahorat markazlaridagi darslar “British Council” taʼlim tashkiloti hamda xalqaro NILE taʼlim instituti tomonidan tayyorlangan dasturlar asosida, tayanch maktablarida oʻtilayotgan kasbiy rivojlanish kuni va kasbiy rivojlanish soati tadbirlari esa Singapurning “Marshall Cavendish Education” taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan malaka oshirish tizimi transformatsiya qilinib, yangi koʻrinishda tashkil etilganligi tufayli ushbu tizimda keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirildi, — deydi Sirdaryo viloyati pedagogik mahorat markazi direktori Gulasal Berdialiyeva. — Ushbu yangilanishlarning zamon talablariga mosligi katta ahamiyatga egadir. Masalan, maktab oʻquvchilarimiz respublika va xalqaro miqyosidagi koʻrik tanlov, olimpiadalar gʻoliblari boʻlib, xalqaro maydonda oʻz bilimlarini yuqori darajada namoyon qilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar vakillari qatorida xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmoqda. Farzandlarimizning iqtidori dunyoga tanilayotgan ayni bir davrda, ularga taʼlim berayotgan pedagoglar nechogʻlik zamonaviy boʻlishlari zarur? Bugungi kasbiy rivojlanish darslarining ayni ushbu talab ijrosiga toʻla-toʻkis mos boʻlishiga ham alohida eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, bugungi zamon oʻqituvchidan talab etiladigan asosiy fazilatlar va ularni rivojlantirish sirasiga texnologik savodxonlik ham kiritilgan. Malaka oshirishga kelgan pedagoglarga taʼlim jarayonida raqamli taʼlim platformalaridan foydalanish, masofaviy taʼlim jarayonlarini samarali tashkil etish va yangilanib borayotgan texnologiyalardan boxabar boʻlish, sunʼiy intellektdan foydalanish boʻyicha amaliy darslar tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda viloyatimiz pedagoglarining ehtiyojlari, taklif va talablarini oʻrganish asosida rejadan tashqari maqsadli, mualliflik, muammoli kurslar tashkil etilib, muntazam metodik yordam koʻrsatish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, kreativ yondashuvga, deylik, professor-oʻqituvchilarning darslarda oʻquvchilarni kreativ fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha amaliy dars mashgʻulotlariga katta eʼtibor beriladi. Dars maqsadlarini toʻgʻri qoʻyish, turli vaziyatlarda ijobiy yechim topish, anʼanaviy oʻqitish uslublarini zamonaviy talablarga moslashtirish, noanʼanaviy oʻqitish usullarini qoʻllash boʻyicha “Zerikarli dars muhitidan xalos boʻlish”, “Metodlar galereyasi”, “Hard skilss” kabi loyihalar markazimizning malakali pedagoglari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Maʼlum qilinishicha, markazda tinglovchilar psixologik savodxonlik boʻyicha ham saboqlar oladi. Bu darslar turli feʼl-atvorli oʻquvchilarning yoshi va individual xususiyatlari inobatga olingan holda ular bilan muloqot qilishda muhim ahamiyatga ega boʻlayotir. Shu oʻrinda taʼlim jarayonlarida yuzaga keladigan turli muammoli vaziyatlar boʻyicha pedagoglarga amaliy yordam berish maqsadida markaz jamoasi tomonidan ishga tushirilgan “Pedagog shifoxonasi” loyihasi ham eʼtirofga loyiqdir. Unda holatlarga yechimlar variantlari qisqa videoroliklar vositasida ijtimoiy tarmoq sahifalariga joylab boriladi.
— Sirdaryo viloyati pedagogik mahorat markazida ilgʻor tajribalarga ochiqlik tamoyili ustuvor ekanligi ham tahsinga loyiq, — deydi Guliston tumanidagi 7-maktabning boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi Lobar Roʻzimuhammedova. — Masalan, men ham mazkur maskanga tez-tez kelib turaman. Yangiliklardan xabardor boʻlish barobarida oʻzimning pedagogik texnologiyalarim boʻyicha mahorat darslari ham oʻtaman.
Yuqorida keltirilgan qarorda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi hamda Prezident maktabida jamlangan tajribalarni umumiy oʻrta taʼlim maktablariga tatbiq etish eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu borada markaz va Guliston shahridagi Prezident maktabi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi hamda Filippin davlatidan matematika fani oʻqituvchisi Mister Jad Borromeo bilan xorijiy maslahatchi sifatida shartnoma imzolandi.
— Taʼlim sifatini oshirishda oʻqituvchining kasbiy rivojlanishi muhim oʻrin tutadi, — deydi Gulasal Berdialiyeva. — Zero, muallimning oʻz ustida doimiy ishlashi, yangi uslubiyatlarni oʻzlashtirishi va ilgʻor tajribalarni qoʻllashi taʼlim jarayonini yanada samarali qiladi. Bunda muntazam ravishda malaka oshirish kurslari, treninglar va vebinarlar tashkil qilish orqali malaka oshirishni doimiyligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu bilan birga tajriba almashish, yaʼni oʻqituvchilarni mahalliy va xalqaro miqyosdagi pedagogik anjumanlarga jalb etish, yangicha pedagogik metodlarni amaliyotga tatbiq etish va interaktiv darslarni yoʻlga qoʻyish, pedagoglarning ilmiy izlanishlar olib borishi va ularni amaliyotga joriy qilishni ham taʼlim sifati va samaradorligini oshirishning ustuvor vazifalari sifatida belgilaganmiz.
Bugungi kun oʻqituvchisi doimiy ravishda rivojlanishda boʻlishi, yangi bilim va koʻnikmalarni egallashi, innovatsion yondashuvlarni qoʻllay olishi kerak. Boshqacha aytganda, oʻzi oʻqib-oʻrganib borgan oʻqituvchi oʻquvchisini ham oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini oshiradi, muhimi, har bir darsining samarali boʻlishiga erishadi. Zero, uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining maqsad-mohiyati ham shudir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring