Bugungi bolalarni aldab boʻlmaydi

17:53 21 Aprel 2022 Jamiyat
528 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyatida joriy yil yoz mavsumida 140 ta bolalar oromgohida 32 ming 500 nafar, shundan 17 ta statsionar oromgohda 11 ming, 123 ta kunduzgi oromgohda 21 ming 500 nafar oʻgʻil-qizlarning hordiq chiqarishi moʻljallanmoqda.

Ayni maqsadda tegishli tashkilot, muassasa va shahar-tuman hokimliklariga statsionar oromgohlarni mavsumga tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish uchun 2022-yil fevral oyidayoq Fargʻona viloyat hokimi tomonidan topshiriq xatlari berilgan. Afsuski, oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlishiga qaramay, mavsum tayyorgarligi borasidagi ishlar barcha shahar-tumanlarda ham belgilangan reja asosida tashkil etilayotgani yoʻq.

— Bir mavsumda 200 nafar bolani qabul qilishimiz kerak va bu borada hali baʼzi kamchiliklarimiz bor, — deydi Quvasoy shahrida joylashgan “Nihol” oromgohi rahbari Kurtzade Umerova. — Yaʼni oromgohimizda taʼmirlash ishlarini bajarish uchun 40 mln soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi. Mablagʻ masalasi toʻliq hal etilgach, mavsum boshlanishiga qadar belgilangan yumushlarni amalga oshiramiz.

Oltiariq tumanining soʻlim Qapchugʻay massivida faoliyat koʻrsatuvchi “Yulduz” oromgohiga 800 metr masofadan ichimlik suvi tarmogʻi tortish va yon-atrofini ihotalash zarur. Oromgohda boʻlganimizda bu yerda mahalla ahli oʻz tashabbusi bilan hashar uyushtirayotganini koʻrib, mamnun boʻldik.

— Hududni obodonlashtirish, devorlarni oqlash ishlarida baholi qudrat yordamlashyapmiz, — deydi mahallaning bir guruh faxriylari. — Chunki bu yerda nabiralarimiz yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazishlarini istaymiz.

Oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlishicha, tabiati dilkusho Fargʻona tumanida bir qator oromgohlar xususiylashtirilgan. Tadbirkorlardan biri oromgohni zamonaviy mezonlar asosida taʼmirlatayotgan boʻlsa, yana biri oromgoh oʻrnida sanatoriy-kurort maskani barpo etishni rejalashtirmoqda. Bunday oromgohlarni iqtisodiy jihatdan barqaror korxona yoki tashkilotga investitsiya kiritish, faoliyatini saqlab qolish sharti bilan berish masalalarini hal etish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasiga aloqa xatlari chiqarilgan.

Taʼkidlash joizki, viloyatda mavsum taraddudi bilan bogʻliq ishlar qoniqarli darajada emas. Misol uchun, “Vodil chaqmogʻi” (Fargʻona tumani) oromgohida hali qurilish-taʼmirlash ishlari boshlanmagan, “Avtomobilchi” (Rishton tumani) oromgohiga 800 metr masofadan ichimlik suvi tarmogʻi tortish, “Yulduz” (Beshariq tumani) oromgohida kapital taʼmirlash, “Rohat” (Quvasoy shahri) oromgohida esa hududni obodonlashtirish, tashqi fasadlarni yaxshilash kerak. Lekin mutasaddilar hozircha zimmalaridagi masʼuliyatni toʻliq his etayotgani yoʻq.

Buvayda, Toshloq, Yozyovon va Quva tumanlari xalq taʼlimi boʻlimlari tasarrufidagi moslashtirilgan holda maktab-internat va kasb-hunar taʼlimi maktablari qoshida tashkil etiladigan “Buvayda yoshlar orzusi”, “Oq oltin”, “Gulshan”, “Qaldirgʻoch” oromgohlarida oʻquv yili tugagach, may oyining ikkinchi yarmida taʼmirlash ishlari boshlanishi maʼlum qilindi.

— Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar oromgohlardagi mavjud holatni oʻrganish va ularni talab darajasiga keltirish boʻyicha tegishli taqdimnoma tayyorlab, shahar-tuman hokimliklari hamda tasarruf etuvchilar maʼmuriyatlariga kiritmoqda, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyat Kengashi mutaxassisi Gʻanisher Payziyev. — Unga koʻra, “Humo” (Fargʻona shahri), “Tong” (Fargʻona tumani) oromgohlarida kelishuv shartlarining bajarilishi, faoliyat turi saqlab qolinishini nazorat qilish, «Fargʻonaazot» AJ tasarrufidagi “Kimyogar” oromgohini iqtisodiy jihatdan barqaror korxona yoki tashkilotga investitsiya kiritish sharti bilan berish hamda “Ommaviy savdolar orqali sotishga taklif qilinayotgan koʻchmas mulk obyektlari” roʻyxatidan chiqarish choralarini koʻrish vazifasi yuklatildi.

Fursat kutib turmaydi. Hademay navbatdagi oʻquv yilini ham yakunlab, taʼtilga chiqadigan bolalarimiz yoz zavqini his qilishlari uchun baʼzi masʼullar mudroqlik uyqusidan uygʻonishi lozim. Chunki vaqt oz qolganida shoshma-shosharlik qilish, kamchiliklarga koʻz yumish, “Bizga boʻlaveradi!” qabilida oʻzlarini va oʻzgalarni aldashga urinmasligi kerak. Har holda bugungi bolalarni aldab boʻlmaydi!

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер