Bugun har bir deputat bilimini, vakillik organlaridagi ish tajribasini oshirishini zamonning oʻzi taqozo etmoqda — Sharapat Otemisov

18:32 02 Fevral 2024 Jamiyat
326 0

Respublika Oliy Majlis Senatining xalq deputatlari mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish, sohadagi ijobiy yutuqlar, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda oʻzaro tajriba almashish va hududlar darajasidagi masalalar boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida amaliy uchrashuvlar tashkil etish rejasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari Navoiy viloyatida boʻlib turibdi.

Deputatlar dastlab Oliy Majlis Senati aʼzosi, Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov hamda xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputatlari ishtirokidagi amaliy uchrashuvda qatnashib, hududdagi mahalliy Kengashlar faoliyati boʻyicha Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi kotibiyatining taqdimoti bilan tanishdilar.

Unda 2023-yil davomida xalq deputatlari Navoiy viloyati mahalliy Kengashlari deputatlari faoliyatida erishilgan yutuqlar, ochiqlik va shaffoflik yoʻlidagi amaliy ishlar, amaldagi qonunchilik va meʼyoriy hujjatlar boʻyicha bergan takliflari hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari, partiya guruhlari va kotibiyatlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tahliliy maʼlumotlar ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi.

— 2023-yilning oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 12 ta yalpi majlisida viloyat Kengashi deputatlarining viloyat studiyasidan ishtirok etishdi, — deydi Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Jamoliddin Hamroyev. — Ushbu yalpi majlislarda koʻrib chiqilgan 92 ta qonun va turli darajadagi hujjatlar hamda Oliy Majlis Senati qoʻmitalari tomonidan mahalliy Kengashlarga kiritilgan 90 tadan ortiq Qonun loyihalari xalq deputatlari mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarida tegishli masʼullar ishtirokida muhokamalar qilinib, belgilangan tartibda taklif va fikr-mulohazalar taqdim etildi.

Shuningdek, 2023-yil davomida xalq deputatlari viloyat Kengashining 21 ta sessiyasi mahalliy televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlarda toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilib, unda 135 ta turli mazmundagi masalalar deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi.

Ushbu koʻrib chiqilgan masalalar dastlab, Kengash doimiy komissiyalarining sessiyaoldi majlislarida muhokama qilinib, tegishli soha masʼullarining axborot va hisobotlari tinglanib, taklif hamda mulohazalari inobatga olindi.

Taqdimot uchrashuvida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishib, oʻz fikr mulohazalarini bildirishdi.

— Oʻzaro tajriba almashish mamlakatimizdagi mahalliy Kengashlarida faoliyat olib borayotgan deputatlar Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda xalqning chinakam “ovoziga” aylanishi, mahalliy Kengashlarning esa haqiqiy nazorat organi sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining toʻliq hayotga tatbiq etilishida ijro organlari ishining samaradorligini yanada yuksaltirishga imkoniyat yaratadi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining qoʻmita raisi Sharapat Otemisov. — Zero, maqsad va belgilangan marralar mushtarak ekan, bugun har bir deputat oʻzining bilimini, vakillik organlaridagi faoliyat ishlash tajribasini oshirishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda.

Amaliy uchrashuvlar dasturi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari, mahallalar va sanoat korxonalarida boʻlishib, mahalliy Kengashlarning haqiqiy nazorat organi boʻlishiga erishish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi yuzasidan deputatlik nazoratini yoʻlga qoʻyish borasida xalq deputatlari Navoiy viloyati mahalliy Kengashlari deputatlarining tajribalari bilan tanishishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер