Bugun 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionati boshlanadi

14:51 06 Yanvar 2026 Sport
389 0

Bugun, 6-yanvar kuni Saudiya Arabistoni mamlakatda 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionati musobaqasi start oladi. Turnir 24-yanvar sanasiga qadar davom etadi. Bugun ushbu turnir haqidagi barcha maʼlumotlar bilan tanishtiramiz:

Tarixi

Ushbu turnir dastlab 2013-yilda 22 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionati nomi bilan tashkil etilgan. Ammo, maʼlum sabablarga koʻra, 2014-yilning yanvar oyida boʻlib oʻtgan.

Dastlabki musobaqaga Umon Sultonligi mezbonlik qilgan. Keyingi musobaqa 2016-yilda 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionati nomi bilan Qatar mamlakatda tashkil etilgan. Keyingi yillarda ushbu turnirga Xitoy, Tailand, Oʻzbekiston, Qatar kabi mamlakatlar mezbonlik qildi. Saudiya Arabistoni ushbu musobaqani oʻz hududida qabul qilayotgan oltinchi mamlakatga aylanmoqda.

Musobaqaning ahamiyati

U-23 Osiyo chempionati musobaqasi har ikki yilda bir oʻtkaziladi. Olimpiada yilida tashkil etiladigan U-23 Osiyo chempionati musobaqasi (yaʼni, 2016, 2020 va 2024-yilgi musobaqalar) Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma berishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Biroq, Olimpiada yilida tashkil etilmaydigan qitʼa birinchiliklari (jumladan, bu yilgisi ham) hech qaysi katta turnirga yoʻllanma bermaydi. Shu sababli Olimpiada yillarida tashkil etilmaydigan musobaqalarda yetakchi jamoalar asosiy tarkib bilan ishtirok etmaydilar. Jumladan, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu yilgi U-23 Osiyo chempionatida mamlakatning U-21 terma jamoasi ishtirok etishini eʼlon qildi.

Oʻzbekiston U-23 terma jamoasining ishtiroki

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi U-23 Osiyo chempionatlarining barchasida ishtirok etgan 7 ta terma jamoadan biri hisoblanadi. Jamoaning musobaqadagi dastlabki 2 ishtiroki omadsiz boʻlgan.

“Oq boʻrilar” 2014 va 2016-yilgi musobaqalardagi ishtirokini guruh bosqichida yakunlagan.

2018-yil Xitoyda tashkil etilgan musobaqada esa Ravshan Haydarov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi turnirning gʻolibiga aylangan. Taʼkidlash joizki, oʻsha yilgi musobaqada Oʻzbekiston yoshlari Yaponiya (4:0) va Janubiy Koreya (4:1) olimpiya terma jamoalari kabi qitʼa grandlarini yirik hisobda magʻlubiyatga uchratishni uddalagan.

2020-yil Tailandda tashkil etilgan turnirda esa Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi Lyubinko Drulovich boshchiligida musobaqada ishtirok etdi. Yakunda jamoa turnirni toʻrtinchi oʻrinda yakunladi.

Soʻnggi 2 ta musobaqada esa Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi Timur Kapadze boshchiligida ushbu turnirda ishtirok etdi. Jamoa har ikki musobaqada oʻz ishtirokini ikkinchi oʻrin bilan yakunladi.

Bu yilgi musobaqa

Bu yilgi musobaqa Saudiya Arabistonining Jidda va Ar-Riyod shaharlarida boʻlib oʻtadi. Oʻyinlar quyidagi 4 ta stadionda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan:

• “Qirol Abdulloh Sport Siti” stadioni zaxira maydoni;

• “Shahzoda Faysal bin Fahd” stadioni;

• “Shahzoda Abdulloh Al-Faysal Sport Siti” stadioni;

• “Al-Shabab” stadioni.

Musobaqada 16 ta terma jamoa 4 ta guruhga boʻlingan holda ishtirok etadi. Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi “C” guruhidan oʻrin olgan. Mazkur guruhda Ravshan Haydarov shogirdlaridan tashqari, Eron, Janubiy Koreya va Livan olimpiya terma jamoalari mavjud.

“C” guruhida guruh bosqichi oʻyinlari quyidagi sanalarda boʻlib oʻtadi:

1-tur — 7-yanvar

2-tur — 10-yanvar

3-tur — 13-yanvar

Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi guruh bosqichidagi barcha oʻyinlarini Ar-Riyod shahrida joylashgan “Shahzoda Faysal bin Fahd Sport Siti” stadionida oʻtkazadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?