Bu ulugʻ zamin dunyo sivilizatsiyasida oʻz oʻrnini tobora mustahkamlab bormoqda — Shavkat Mirziyoyev

17:09 25 Noyabr 2025 Siyosat
357 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtmoqda.

“Oʻzida koʻp ming yillik tarix va qadriyatlarni mujassam etgan, zamonaviy meʼmorchilik anʼanalari asosida kundan-kunga chiroy ochib borayotgan bu ulugʻ zamin dunyo sivilizatsiyasida oʻz oʻrnini tobora mustahkamlab bormoqda”, dedi Prezidentimiz.

Xususan, “Boqiy shahar” majmuasi barpo etilgani, 40 dan ziyod muqaddas ziyoratgohlar obod boʻlgani, “Samarqand” xalqaro aeroporti yangidan qurilgani, oʻnlab xalqaro brend mehmonxonalar ish boshlagani viloyat turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Samarqand soʻnggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markaziga, koʻplab yirik xalqaro tadbirlar, forum va anjumanlar uchun muloqot maydoniga aylandi.

Shu yilni oʻzida bu yerda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjuman tashkil etilgani, ayniqsa, yaqinda UNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi oʻtkazilgani chindan ham ulkan voqea boʻldi.

Umuman, turizm va unga turdosh sohalarga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgani uchun viloyatga sayyohlar oqimi 2016-yilgidan 7 karra oʻsdi, turizm xizmatlari eksporti 600 million dollarga yetdi.

Imom Buxoriy maqbarasi hududi 45 gektargacha kengaytirilib, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey barpo etildi, atrofida oʻnlab mehmonxona va mehmon uylari qurilmoqda.

Agar Indoneziya, Malayziyadan ilgʻor turistik kompaniyalar olib kelinib, mehmonxonalar boshqaruvga berilib, oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilsa, turistlar oqimi yanada keskin koʻpayishi taʼkidlandi.

Bugun viloyat nafaqat turizmdagi, balki sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishdagi ulkan salohiyati bilan investor va tadbirkorlar uchun chinakam jozibador maskanga aylanib bormoqda.

“Endi Samarqand – ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, investitsiya, eksport, umuman barcha sohada metodik viloyat boʻlishi kerak.

Buning uchun tuman hokimlari oʻzini hududini xususiyatidan kelib chiqib, bor shtatlarini tahlil qilib, samarasizini qisqartirib, xorijdan zamonaviy menejerlar, mutaxassislar olib kelib, yangicha ishlashga oʻtishi zarur”, dedi davlatimiz rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?