“Bu – Prezidentning topshirigʻi! Bu – ota-onalarning xohish-istagi! Bu – jamiyatning talabi!”

14:10 26 Dekabr 2025 Siyosat
175 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi taʼkidlandi.

Shunga asosan endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “Xalq vakillari hayʼati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bunda oʻta ogʻir va jamiyatda shov-shuvga sabab boʻlayotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli boʻlishiga xizmat qiladi.

“Sud qarorlari ijrosini soʻzsiz taʼminlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib boʻlmaydi. Shu bois, majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni ham kiritamiz”, dedi davlatimiz rahbari.

“Koʻryapsizlar, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda. Afsuski, bugungi globallashuv davrida bunday xavf-xatar Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmayapti”, dedi Prezidentimiz.

Narkotik savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib bormoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qoʻllashni, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallashni talab qilmoqda.

Yaqinda ushbu masala boʻyicha Milliy dastur qabul qilindi. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi.

“Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh – bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qoʻyishga aslo yoʻl qoʻymaymiz!

Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yoʻqotish, yoshlarimizda kuchli maʼnaviy-ruhiy immunitetni shakllantirish boʻyicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz!

Bu – Prezidentning topshirigʻi! Bu – ota-onalarning xohish-istagi! Bu – jamiyatning talabi!”, dedi Prezidentimiz.

Tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor boʻlgan, fuqarolarning xavfsizligi taʼminlangan joyga investitsiya ham keladi, bu yerda turizm ham rivojlanadi.

Lekin soʻnggi paytlarda oʻzini qonundan ustun qoʻygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan, iqtisodiyotimizga jiddiy putur yetkazadigan murakkab moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgan, oʻzini “qozi” deb hisoblab, odamlar oʻrtasidagi oldi-berdi masalalarni hal qilib yurgan ayrim jinoiy toʻdalar ham kuzatilayotgani qayd etildi.

Eng achinarlisi, “oson pul topaman” degan ilinjda bilagida kuchi bor ayrim sportchilar ham bunday jinoiy toʻdalarga qoʻshilib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Yana bir yomon jihati – Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlar ayrim chet davlatlarda ham mavjudligi yurtimizning xalqaro obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

“Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy toʻdalar faoliyatiga chek qoʻyishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!

Oʻzbekistonda fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!”, dedi davlatimiz rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?