Bu kunlarni orzu qilgandik

15:27 16 Sentyabr 2025 Jamiyat
70 0

Davlatimiz rahbari kasb bayramimizda avvalroq muallim, oʻqituvchi, ustozlarga tabrik yoʻllagani biz pedagoglar uchun katta tarixiy voqea boʻldi. Koʻp yillik orzuyimiz ushaladigan kunlar keldi. Payariqdagi 53-maktab tuman markazidan ancha olisdagi Kattasaydov qishlogʻida joylashgan. Ammo shaharlardagi eng yaxshi taʼlim muassasalaridan qolishmaydi. Bu kunlarni biz qanchalik orzu qilgandik.

Davlatimiz rahbarining yangi taʼlim sifatiga berayotgan eʼtibori tufayli maktabimiz reyting koʻrsatkichlari boʻyicha tumanda birinchilar qatoridan oʻrin olib kelmoqda. Bundan olti, yetti yil ilgari binolarimiz koʻrimsiz ahvolda edi. 2019-yilda maktab qayta qurilib, zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Har bir sinfxonada ham tasvir, ham ovoz yozib oluvchi kameralar oʻrnatildi. Bu taʼlim sifati va samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Yangi maktabda sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan bilimli, tashabbuskor oʻqituvchilar saralab olinib, ish boshladi. Oʻquvchilarimiz har chorakda maxsus test sinovlaridan oʻtkaziladi. Yaxshi oʻzlashtirayotganlar ragʻbatlantiriladi, orqada qolayotganlarga alohida eʼtibor qaratib, qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtiladi. Ularning koʻrsatayotgan natijalariga qarab ustozlari ham baholanadi.

Bugungi kunda maktabimizda 670 nafar oʻquvchiga 55 nafar oʻqituvchi taʼlim-tarbiya berib kelyapti. Ustozlarning qariyb 50 foizi – oliy toifali. 10 nafarga yaqini turli xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Har biri ming dollar atrofida maosh oladi. Maktabimizda darslar birinchi navbatda tashkil etilib, oʻquvchilar kunning ikkinchi yarmida qoʻshimcha toʻgaraklarga jalb etiladi. Oʻquvchilarning aksariyati kech soat 18:00 gacha maktabda boʻladi. Ularning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida turli klublar faoliyat olib boradi. Oʻquvchilar shu yerda, qoʻshimcha toʻgaraklarda ham ertangi uyga vazifani bajarib ketadi, ham turli sertifikatlar olish, oliy oʻquv yurtiga kirish uchun tayyorgarlik koʻradi. Qoʻshimcha toʻgaraklar malakali muallimlar tomonidan bepul oʻtiladi. Nega bepul? Chunki oʻqituvchilar oʻz ustida ishlaganligi, qolaversa, oʻquvchilarining muvaffaqiyatga erishayotganligi uchun ham beriladigan qoʻshimcha ustama mablagʻ hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi. Shu sabab maktabimizdagi har bir oʻqituvchi vijdonan mehnat qiladi.

Maktabda ota-onalar bilan hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Oʻquvchilarni qiziqishiga qarab, toʻgaraklarga jalb qilamiz. Uyda boʻsh vaqti qanday oʻtayotganligi haqida ularning ota-onalariga xabar berib turiladi. Toʻrt yildan beri maktab bitiruvchilarining davlat va xususiy oliy taʼlim muassasalariga qamrov koʻrsatkichi qariyb 100 foizni tashkil etyapti. Bizning qishloq maktabida taʼlim-tarbiya olayotgan yoshlar orasida nufuzli tanlov gʻoliblari, sport chempionlari bor. Ularning aksariyat taʼlim muassasalaridagi oʻquvchilarga oʻrnak boʻlayotganidan faxrlanamiz.

Joʻrabek BOZORBOYEV,

Payariq tumanidagi

53-maktab oʻqituvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер