“Bu befarqlik natijasi”. Deputat Shohrux Shodmonov havo ifloslanishi tabiiy jarayon emasligini aytdi

14:56 24 Noyabr 2025 Jamiyat
417 0

OʻzLiDePdan Toshkent shahri Chilonzor tumani kengashi deputati, xonanda Shohrux Shodmonov havo tarkibida zararli moddalar meʼyoridan ortib ketayotgan bir vaqtda Ekologiya masʼullarini masalani tez, qatʼiy va keskin tarzda hal qilishga chaqirdi. Bu haqda deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali maʼlum qilgan.

“Yurtimizda havo buzilishini ochiqcha aytaylik: bu «mavsumiylik” yoki “tabiiy jarayonlar” emas — bu befarqlik natijasidir. Bolalarimiz zaharli havodan nafas olmoqda. Odamlar niqob va tozalagichlar bilan oʻz sogʻligʻini himoya qilishga urinmoqda. Biroq, hammaning ham bunday narsalarni sotib olishga imkoni yoʻq. Aholi qoʻlidan kelganini qilmoqda, lekin masʼul tuzilmalar hanuz faqat hisobot va izohlar bilan cheklanmoqda», deydi Shohrux Shodmonov.

Deputatning fikriga koʻra, masʼullar, qanchalik murakkab boʻlmasin, bu masalani tez, qatʼiy va keskin tarzda hal qilinishi shart.

“Sizlarning sustkashligingizdan millionlab odamlar aziyat chekyapti. Shu kunlarda sizlarga kengaytirilgan vakolatlar va real vositalar berildi. Bu sizlar uchun qahramonga aylanish imkoniyati!” deb yozadi deputat.

Shuningdek, u masʼullardan ogʻzaki hisobot va izohlar bilan cheklanib qolmasdan, real harakatlar qilishni soʻragan.

“Agar shundan keyin ham hech nima qila olmasangiz, unda bilmadim sizlarni nima deb atashni. Shuning uchun koʻp gapirmasdan amaliy jasorat koʻrsating!” degan Shodmonov.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov esa ekolog ekspertlarning tadqiqot va xulosalariga tayanib, havo ifloslanishiga qarshi olib borilayotgan amaliy ishlar 100 foizlik natija bermasligi haqida yozdi.

Uning keltirishicha, qurilish, transport va sanoatning Toshkent havosidagi taʼsir darajasi 8-10 foizdan oshmaydi. Safarbarlik bilan boʻlayotgan barcha ish va qarorlar esa faqat shu foizlargagina taʼsir qiladi.

“Hukumatni istagancha tanqid qilaylik, odamlarni rozi qilish uchun shamol, yomgʻir, yoki havo massasini sotib olib boʻlmaydi, aksincha, havoda zararli zarralar bilan ”negativ zarralar“ miqdori ham ortadi”, deb yozadi Qodirov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?