Bronxit kasalligi nimasi bilan xavfli?

09:49 26 Dekabr 2023 Jamiyat
413 0

Qishning sovuq kunlarida aksariyat insonlarda nafas yoʻllari bilan bogʻliq turli kasalliklar kuzatiladi. Ulardan biri bronxitdir.

— Bronxlarning yalligʻlanishi (bronxit) yuqori nafas yoʻllarining eng koʻp uchraydigan xastaligi, — deydi oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov. — Uning oʻtkir va surunkali turlari farqlanadi.

Koʻpincha ob-havoning oʻzgarishi, immun tizimining susayishi, yomon odatlarga (ichkilikbozlik, kashandalik) ruju qoʻyish hamda turli zararli moddalar (gaz, chang, kuchli efir moylari)ni nafas orqali ichga yutish kabi holatlar halqum, hiqildoq yoki traxeyani zararlab, oʻpka tomon tarqaladi. Oqibatda bronxit va zotiljam kelib chiqadi.

Kasallikning oʻtkir turida bemor holsizlanadi, mushaklari qaqshaydi. Yoʻtal paydo boʻladi. Koʻkrak sohasi qisilib, ogʻriydi. Biroz oʻtib, unga tumov ham qoʻshiladi, baʼzi hollarda esa tana harorati koʻtarilishi mumkin.

Qolaversa, bemorda muntazam ravishda yoʻtal tutib, yiring aralash balgʻam ajraladi. Bronxit toʻliq davolanmasa, kasallik choʻzilib, surunkali tusga oʻtadi va oʻzidan ogʻir asoratlar qoldiradi.

Gaymorit, otit va zotiljam kabi asoratlar aksariyat hollarda bronxit qaytalashi oqibatida kelib chiqadi. Yurak-qon tomir tizimida kasalligi boʻlgan va ancha quvvatdan qolgan bemorlarda bronxit tufayli mayda bronxlar ham zararlanadi.

Kasallik rivojlanganda bemor isitmasi baland boʻladi, havo yetishmaydi, hansiraydi. Shuningdek, labi koʻkaradi, tez-tez yoʻtalib, tinka madori quriydi. Yiringli balgʻam tashlab, koʻkragida ogʻriq turadi. Hatto, oʻpkasida mayda pufakchali nam, quruq xirillashlar eshitiladi.

Qolaversa, nafas sustlashadi, tomir urishi tezlashib, yurak tovushi boʻgʻiqlashadi, hatto, bronxlar devori va atrofidagi toʻqimalar zararlanadi. Bunday vaqtda bemorlarni zudlik bilan shifoxonaga yotqizish lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер