Britaniya Kolumbiyasi qishloq xoʻjaligi vaziri Kanadaning agrobiznesdagi eng ilgʻor tajribasini Oʻzbekiston bilan baham koʻrishga tayyor

18:17 07 Iyun 2022 Siyosat
411 0

Oʻzbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi Vashington shahrida joylashgan) Javlon Vahobov Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va baliqchilik vaziri Lana Popxem bilan uchrashdi.

Diplomatik vakolatxonamizning maʼlum qilishicha, L.Popxem Oʻzbekiston agrosanoati salohiyati, jumladan, respublikada qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarning oʻziga xosligi va ixtisoslashuvini hisobga olgan holda fermerlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi bilan tanishdi.

Taqdimot chogʻida 2020-2030-yillarga moʻljallangan Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasi va Oʻzbekiston suv xoʻjaligini rivojlantirishning konsepsiyasining ustuvor vazifalari hamda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasiga mavjud ehtiyojlar alohida taʼkidlandi.

Kanada vaziri hukumatimiz tomonidan aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni olqishladi. Agrosanoat komplekslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, suv xoʻjaligiga yangi mexanizmlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yer va suvdan foydalanish samaradorligi koʻrsatkichlarini oshirish alohida qiziqish uygʻotdi.

L.Popxemning soʻzlariga koʻra, KOVID-19 pandemiyasiga chidamlilik Britaniya Kolumbiyasidagi fermerlar, ishlab chiqaruvchilar va qayta ishlovchilarning oʻziga xos belgisiga aylandi. 2020-yilda birinchi marta daromad 16 milliard dollardan oshdi, shuningdek, 500 ta yangi ish oʻrni yaratilib, sohadagi bandlik 68,2 ming kishidan oshdi. Vazir taʼkidlashicha, 2020-yil Britaniya Kolumbiyasi 151 xalqaro bozorga 4,8 milliard dollarlik qishloq xoʻjaligi va dengiz mahsulotlari eksport qildi.

Elchixonamiz maʼlumotlariga koʻra, provinsiya fermerlarga mahalliy mahsulotlarni mintaqaviy va xalqaro bozorlarda targʻib qilishda yordam berish uchun “Grow BC”, “Feed BC”, “Buy BC” kabi qator dasturlar orqali Britaniya Kolumbiyasining oziq-ovqat tizimini mustahkamlashga intiladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, Britaniya Kolumbiyasidagi har bir qishloq xoʻjaligi hududi (jami 8 ta) oʻziga xos xususiyatga va oʻsish sharoitlariga ega va ularning har biri bir qator ekinlar, chorvachilik va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish bilan mashhur. Britaniya Kolumbiyasida 1500 dan ortiq oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.

Shuningdek, Kanada tomoni bilan Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasiga Oʻzbekistondan vaqtinchalik/mavsumiy ishchilarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, Britaniya Kolumbiyasiga har yili 12 mingga yaqin mavsumiy mehnat muhojirlari, asosan, Meksika va boshqa Lotin Amerikasi davlatlaridan provinsiyaning qishloq xoʻjaligi sohasida ishlash uchun 5-6 oy muddatga keladi.

Elchixona maʼlumotlariga koʻra, yaqin kunlarda Kanada vaziri mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari vakillari bilan onlayn uchrashuv oʻtkazib, qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilish va Oʻzbekistondan Britaniya Kolumbiyasiga mavsumiy ishchilarni joʻnatish istiqbollarini muhokama qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?