Boʻzatovda sheʼriyat festivali oʻtkazildi

10:20 08 Aprel 2021 Madaniyat
295 0

Boʻzatov tumanida sheʼriyat festivali boʻlib oʻtdi. Prezidentimizning oʻtgan yili oktyabr oyida Qoraqalpogʻistonga qilgan tashrifi doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan festivalda mamlakatimizning taniqli adiblari, adabiyot ixlosmandlari, ijodkor yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir tuman markazidagi Berdaq bogʻida shoir haykali poyiga gul qoʻyish marosimi bilan boshlandi.

Shundan soʻng Yoshlar markazida sheʼriyat festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olganlar yurtimizda madaniyatimiz va adabiyotimizni rivojlantirish, shu orqali yosh avlodni ona Vataniga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan eʼtibor xususida alohida toʻxtalib oʻtishdi.

— Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab “Kitobxonlik haftaligi” oʻtkazilmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Azamat Bekmuratov. — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020 — 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasi mamlakatimizda “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilan edi. Bugungi Boʻzatov tumanida oʻtkazilayotgan sheʼriyat festivali mana shu haftalik doirasida tashkil etilgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda Qoraqalpogʻistondagi boshqa tumanlarida ham kitobxonlik haftaligi doirasida tadbirlar tashkil qilinmoqda.

Yoshlar markazidagi mushoira kechasi ham oʻtkazildi. Unda taniqli adiblar bilan bir qatorda tumanning ijodkor yoshlari – Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori G.Orazbayeva, xalqaro tanlov gʻolibi M.Qalboyeva, shuningdek, G.Sariboyeva va Q.Qalmuratov va bir qator yoshlarlar oʻz sherlaridan namunalar oʻqidilar. Yosh ijodkorlarga kitoblar sovgʻa qilindi.

Festival ishtirokchilari tumandagi yangidan foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari faoliyati bilan ham tanishdilar.

Tadbir tuman markazidagi amfiteatrda sanʼat ustalarining gala konsert dasturi bilan yakunlandi.

Gʻ.Otajonov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?